O‘zbekiston | 13:05 / 31.01.2026
1656
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston–Ispaniya: migratsiya bo‘yicha hukumatlararo bitim muhokamada

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Ispaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Mariya Asunson Sanches Ruis bilan uchrashuv o‘tkazilib, viza tartib-taomillarini soddalashtirish va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Dunyo

“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligida Ispaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi (qarorgohi Moskva shahrida) muvaqqat ishlar vakili Mariya Asunson Sanches Ruis bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tomoni migratsiya oqimlarini diversifikatsiya qilish va fuqarolarning mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish yo‘nalishida tizimli ishlarni davom ettirmoqda. Bu borada Ispaniya istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etilgan.

Muzokaralarda tomonlar dolzarb konsullik masalalari, viza tartib-taomillarini soddalashtirish hamda mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv doirasida Ispaniya tomoniga “Harakatchanlik va migratsiya to‘g‘risida” hukumatlararo bitimni imzolash, shuningdek, O‘zbekistondan mehnat migrantlarini qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalariga jalb qilish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirish masalalari yuzasidan fikr almashilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolarini Ispaniyada ishga joylashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida xorijiy ishchilarni tashkillashtirilgan yollash tizimi — GECCO'ga kiritish variantlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Tomonlar ikki mamlakat tegishli idoralari o‘rtasida hamkorlik va muvofiqlashtirishni chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini tasdiqladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid