Jahon | 14:09 / 31.01.2026
4144
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston chechenistonlik muxolifatchini Rossiyaga topshirishni ma’qulladi

Rossiyaning chechenistonlik muxolifatchi va faol Mansur Movlayevni ekstraditsiya qilish bo‘yicha so‘rovi Qozog‘iston Bosh prokuraturasi tomonidan qanoatlantirildi. Chechenistonda unga o‘lim xavf solishi mumkin. Ekstraditsiya 30 kun ichida amalga oshirilishi kerak.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi juma kuni, 30 yanvarda Rossiyaning chechenistonlik muxolifatchi va faoli Mansur Movlayevni ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovini qanoatlantirdi. Idora mamlakat IIV qoshidagi Jinoiy-ijroiya tizimi qo‘mitasiga qaror kuchga kirganidan so‘ng 30 sutkadan kechiktirmay Movlayevni Rossiya hokimiyatiga topshirishni buyurgan. Bu haqda o‘sha kuni Facebook’da muxolifatchining advokati Murat Adam xabar berdi. Qarorga Qozog‘iston Bosh prokurorining o‘rinbosari Asxat Jumagali imzo chekkan.

Adamning aytishicha, Movlayevga qochqin maqomini berish rad etilgani ustidan shikoyat bo‘yicha 11 fevral kuni oldindan dastlabki eshituv belgilangan edi. Shuning uchun himoya tomoni bugungi qarorni qonuniy emas, deb hisoblaydi. Faolni qo‘llab-quvvatlovchi guruh vakillari ta’kidlashicha, Qozog‘iston Bosh prokuraturasi mamlakatda boshpana berish masalasi bo‘yicha sud qarori chiqmaguncha ekstraditsiya haqida qaror qabul qilish huquqiga ega emas edi. Ular Movlayevni RF hududida qiynoqqa solishlari va o‘ldirishlari mumkinligi haqida ogohlantirib, jurnalistlar, jamoat faollari va BMT maxsus ma’ruzachilarini vaziyatga aralashishga chaqirdi.

Qozog‘istonliklarga yo‘llangan ochiq murojaatida Mansur Movlayev Qozog‘istondan uni o‘ldirishda sherik bo‘lmaslikni so‘ragan. Bunga javob sifatida, huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, RF Bosh prokuraturasi qozog‘istonlik hamkasblariga ta’qibda siyosiy sabablar yo‘qligini aytgan va faol qiynoqqa solinmasligiga va’da bergan. Movlayev advokatlari ushbu vaziyatni boshqa bir chechenistonlik faol — Salman Tepsurkayev ishi bilan qiyoslamoqda: u ham Rossiyaga topshirilgan va keyinchalik halok bo‘lgan.

29 yoshli Mansur Movlayev — Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni tanqid qilgan muxolif faol. 2020 yilda u “giyohvand moddalar tarqatish” ayblovi bilan uch yilga koloniyaga hukm qilingan. Movlayev bu ayblovni soxtalashtirilgan, deb hisoblaydi. Ikki yildan so‘ng u shartli muddatdan oldin ozodlikka chiqqan, biroq tez orada Chechenistonda kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari uni o‘g‘irlab ketib, maxfiy qamoqxonalardan birida ushlab turgan.

Faol soxta pasport bilan Qirg‘izistonga qochishga muvaffaq bo‘lgan, u yerda esa chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun ushlangan. 2023 yil noyabr oyida uni olti oy qamoq jazosiga hukm qilishgan va keyin mamlakatdan chiqarib yuborish belgilab qo‘yilgan.

Ozodlikka chiqqanidan keyin Mansur Movlayev Qirg‘izistonni o‘zi tark etib, Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgan. U yerda 2024 yil oktyabr oyida Chechenistonda uning aka-ukalari Zelimxon va Hamzat o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar bergan: ular Movlayevga bosim o‘tkazish uchun ushlab turilgan va qiynoqqa solingan, deyiladi ma’lumotda.

2025 yil may oyida mahalliy politsiya Movlayevni Olmaotada RFdan kelgan qidiruv topshirig‘i asosida ushlagan. Rossiyada unga “tovlamachilik” va “ekstremizm” ayblovlari qo‘yilgan. Sud jarayonlaridan keyin u o‘sha oyning o‘zida Qozog‘istonda “boshpana izlovchi shaxs” maqomini olgan — bu esa ekstraditsiyadan vaqtincha himoya bergan. Dekabr oyida Movlayev siyosiy panoh so‘rab murojaat qilgan, ammo Qozog‘iston unga rad javobini bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid