Jahon | 18:24 / 01.02.2026
9571
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh 48 soat ichida Eronga zarba beradi - Vuchich

Serbiya prezidentining fikricha, Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha yangi hujjatlarning e’lon qilinishi AQShning Eronga hujumini tezlashtiradi.

Foto: Filip Stevanovic/Anadolu/Getty Images/File

Qo‘shma Shtatlar 48 soat ichida Eronga zarba beradi, dedi Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Pink TV telekanali efirida.

Uning fikricha, «Eronga hujum muqarrar».

«Yaqin 48 soat ichida Eronga hujum qilinishi va boshqa yirik voqealar yuz berishini kutyapman», — dedi u.

Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha yangi hujjatlarning e’lon qilinishi AQShning Eronga hujumini tezlashtiradi. U bu vaziyatni Monika Levinski bilan bog‘liq mojaroga solishtirdi.

«Monika Levinski bilan bo‘lgani singari bunday bema’ni hujjatlar paydo bo‘lganida kimgadir hujum qilinadi. Epshteyn fayllari bu hujumni tezlashtiradimi? Bunga deyarli ishonchim komil», — deb ta’kidladi Vuchich.

Monika Levinski 1998 yilda AQShning 42-prezidenti Bill Klinton bilan ishqiy munosabatlari tufayli mojaro markazida qolgan edi. Klintonning Levinski bilan munosabatlari haqida qasamyod ostida bergan ko‘rsatmalari prezidentni yolg‘on guvohlikda ayblashga va Klintonga nisbatan impichment jarayoni boshlanishiga sabab bo‘lgan, ammo kongressmenlarning yetarli qismi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamagandi.

Epshteyn 2019 yilda voyaga yetmaganlar savdosida ayblanib hibsga olingan va o‘sha yilning avgustida qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgandi. 2026 yilda oshkor etilgan Epshteyn hujjatlarida, jumladan, AQSh prezidenti Donald Trampning ismi ham qayd etilgan.

AQSh prezidenti 28 yanvar kuni Abraham Lincoln aviatashuvchisi boshchiligidagi «ulkan armada» Eron tomon yo‘l olganini ma’lum qildi.  

Eronning oliy rahnamosi Ali Xomanaiy agar AQSh Eronga hujum qilsa, mojaro mintaqaviy tus olishini aytdi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid