Jahon | 15:56 / 02.02.2026
3360
2 daqiqa o‘qiladi

Polshaga Belarusdan yana havo sharlari uchib keldi

Oxirgi bir necha kun ichida Polsha havo hududiga “havo sharlariga o‘xshash obektlar” bir necha bor kirib keldi. Chegarachilar bu ehtimoliy kontrabanda bilan bog‘liq, deb hisoblaydi. Harbiylar esa buni HHM reaksiyasini tekshirish sifatida baholamoqda.

Foto: Uncredited/AP

Polsha harbiylari Belarus bilan chegaradagi havo hududida navbatdagi hodisa sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Yakshanba, 1 fevralga o‘tar kechasi Polsha havo hududiga “havo sharlariga o‘xshash obektlar kirib kelgani” qayd etilgan. Bu haqda Polsha Qurolli kuchlarining operativ qo‘mondonligi X ijtimoiy tarmog‘ida bayonot berdi.

Polsha tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, bu obektlarning parvozi harbiy radiolokatsiya tizimlari orqali nazorat qilingan va mamlakat havo xavfsizligiga tahdid solmagan. “Polsha Qurolli kuchlari Polsha havo hududi xavfsizligini ta’minlashga doir vazifalarni bajarishga tayyor holda qoladi”, — deyiladi qo‘mondonlik bayonotida.

Harbiylar ushbu sharlarni uchirishni “Belarus tomonidan navbatdagi razvedka urinishi va Polsha havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimlarining reaksiyasini tekshirish” deb atagan.

Shu bilan birga, Polsha chegara xizmati aniqlangan obektlar, ehtimoliy kontrabandachilarning havo sharlari ekanini bildirdi.

“Hodisa holatlarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda. Chegarada amalga oshirilayotgan barcha harakatlar milliy xavfsizlikning integratsiyalashgan tizimi doirasida bajarilmoqda. Chegara hududida qoidabuzarlik yoki unga yaqinlashish haqidagi har bir signal xizmatlar tomonidan tekshiriladi”, — deyiladi chegarachilar bayonotida.

Belarus tomondan yaqinlashib, Polsha havo hududiga kirgan havo obektlari 31 yanvar va 28 yanvarga o‘tar kechalarda ham qayd etilgan. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Podlyase voyevodligi ustidagi havo hududining bir qismida fuqarolik aviatsiyasi uchun vaqtincha cheklovlar joriy qilingan.

Shuningdek, kontrabanda uchun mo‘ljallangan havo sharlari Belarusdan Litvaga ham muntazam ravishda uchib o‘tadi. Sharlar keltirib chiqaradigan xavf sabab Vilnyus aeroporti faoliyati bir necha bor vaqtincha to‘xtatilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid