O‘zbekiston | 14:44 / 03.02.2026
2371
1 daqiqa o‘qiladi

Kambag‘allik chegarasidagi oilalar alohida toifaga ajratiladi

Hukumat qarori bilan “Ijtimoiy reyestrni yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, ijtimoiy reyestrga kiritiladigan oilalar alohida toifalarga ajratiladi va kambag‘allik chegarasidagi oilalar mustaqil toifa sifatida belgilandi

Nizomda oilalarni ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalash va reyestrdan chiqarish tartibi aniq belgilab berilgan. Reyestrga kiritiladigan oilalar “davlat ta’minotidagi oila”, “kambag‘al oila” hamda “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratiladi.

Oilaning toifasi uning ijtimoiy-iqtisodiy holati va har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda oxirgi 3 oy davomidagi barcha oila a’zolarining jami daromadi oila tarkibiga kiritiladigan a’zolar soniga va 3 ga bo‘lish orqali hisoblab chiqiladi.

Shuningdek, reyestrga kiritilgan oilalar belgilangan muddatlarda qayta baholanadi: “davlat ta’minotidagi oila” har 12 oyda, “kambag‘al oila” esa har 6 oyda savolnoma qayta to‘ldirishi lozim.

Mazkur tartib aholining ehtiyojmand qatlamlarini aniqlash, manzilli ijtimoiy yordamni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid