Jahon | 15:28
1837
3 daqiqa o‘qiladi

Rafah o‘tkazish punkti qayta ochildi: ilk safar qiluvchilar o‘tdi

Rafah punkti - Misr bilan G‘azo sektori o‘rtasidagi nazorat-o‘tkazish punkti 2 fevral kuni ilk safar qiluvchilarni qabul qildi. Bu haqda Agence France-Presse (AFP) isroillik manbaga tayanib xabar berdi. Punkt EUBAM - Yevropa Ittifoqining chegaraviy yordam missiyasi kuzatuvi ostida ish boshladi.

Foto: picture alliance

Misrning Al-Kahera News telekanali ma’lumotiga ko‘ra, punkt ochilganidan keyingi dastlabki soatlarda 50 kishi Misrga kirgan, yana 50 kishi u yerdan chiqqan. Isroilning jamoatchilik telekanali KAN ham 2 fevral kuni 50 kishi G‘azoga kirishi rejalashtirilganini bildirgan. Shu bilan birga, 150 kishi, jumladan 50 nafar bemor, Misr tomonga chiqishi kutilgan. Punkt har kuni olti soat ochiq bo‘lishi aytilgan.

AFP muxbirlari ma’lum qilishicha, 2 fevral kuni Misr tomonida o‘nlab odamlar G‘azoga kirish imkoniyatini kutib to‘plangan.

Qariyb ikki yil yopiq bo‘lgan Rafah punkti 1 fevral kuni cheklangan hajmda ishni tikladi. Isroilning fuqarolik masalalari bo‘yicha idorasi Cogat bu qadam Isroil bilan HAMAS o‘rtasidagi sulh kelishuvining bir qismi ekanini tushuntirgan.

Dastlab Misrga chiqish huquqi tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganlarga berilishi kutilmoqda. G‘azo sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotiga ko‘ra, hozir 200 ga yaqin bemor ruxsat kutib turibdi. Al-Kahera News xabariga ko‘ra, Misrda falastinliklarni qabul qilish uchun 150 ta shifoxona, 12 ming tibbiyot xodimi va 300 ta tez yordam mashinasi tayyor holga keltirilgan.

Rafah punkti — G‘azodan Isroilga olib bormaydigan yagona chegara o‘tish joyi. BMT va xalqaro gumanitar tashkilotlar uni ancha vaqtdan beri keng ko‘lamda gumanitar yordam yetkazish uchun ochishga chaqirib kelgan.

Punktning ochilishi AQShning tinchlik rejasiga muvofiq amalga oshirildi. Isroil bu qadamni HAMAS tomonidan asirga olingan so‘nggi garovga olingan shaxs — 24 yoshli Ran Gvili jasadini qaytarish bilan bog‘ladi.

2023 yil 7 oktyabrda HAMAS Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirganidan keyin Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashdi. Hujumda taxminan 1200 kishi halok bo‘lgan, 250 ga yaqin odam garovga olinib G‘azoga olib ketilgan.

Isroil bunga javoban harbiy amaliyot boshladi. G‘azo sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotiga ko‘ra, 71 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. TSAHAL esa qurbonlar soni taxminan 70 ming ekanini tasdiqlab, ulardan 25 mingga yaqini HAMAS jangchilari bo‘lganini bildirgan.

2025 yil oktyabrda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ishlab chiqqan tinchlik rejasi asosida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishilgan. Kelishuv kafillari sifatida AQSh, Turkiya, Qatar va Misr ishtirok etmoqda.

Rejaning ikkinchi bosqichida “Tinchlik kengashi” va uning nazoratidagi milliy qo‘mita tuzilib, G‘azo boshqaruvini vaqtincha o‘z zimmasiga olishi, keyinchalik esa bu vazifani Falastin milliy ma’muriyatiga topshirishi ko‘zda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid