Jahon | 09:37
997
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp muhim minerallar zaxirasi yaratilishini e’lon qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalar zaxirasini yaratish haqida e’lon qildi.

Foto: Alex Brandon/AP

“Bugun biz Project Vault deb nomlanadigan loyihani ishga tushiramiz. U Amerika korxonalari va ishchilari resurslar yetishmovchiligidan zarar ko‘rmasligini kafolatlaydi”, — dedi u 2 fevral, dushanba kuni kechqurun Oq uyda o‘tkazilgan tadbirda.

Trampning aytishicha, loyiha 1,67 mlrd dollar xususiy kapitalni AQSh Eksport-import banki tomonidan ajratiladigan 10 mlrd dollarlik kredit bilan birlashtiradi. Bu mablag‘lar minerallarni xarid qilish va saqlashga yo‘naltiriladi.

Zaxiralar, birinchi navbatda, avtomobilsozlik va texnologiya kompaniyalari ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan. Prezident bu zaxira milliy mudofaa ehtiyojlari uchun avval yaratilgan strategik zaxira tamoyili asosida tashkil etilishini ta’kidlab, tashabbusni “ajoyib g‘oya” deb atadi.

AQSh ichki ishlar vaziri Duglas Bergam esa shu hafta “yana 11 ta davlat” muhim minerallar savdo klubiga qo‘shilishi e’lon qilinishini bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Hartree Partners, Traxys North America va Mercuria Energy Group kompaniyalari zaxira uchun xomashyo xaridini boshqaradi. Bu qadam biznesning Xitoy nodir yer elementlariga qaramligini keskin qisqartirishga qaratilgan.

Shu kuni Tokio hukumati Yaponiya tadqiqot missiyasi 6000 metr chuqurlikda nodir yer elementlari mavjud bo‘lgan cho‘kinmalarni aniqlaganini ma’lum qildi.

Namunalar dekabr oyida Tinch okeanidagi Yaponiyaga qarashli Minamitori atolliga yo‘l olgan “Chikyu” ilmiy burg‘ilash kemasi orqali yig‘ilgan. Olimlar baholashicha, atrof suvlarida 16 mln tonnadan ortiq nodir yer elementlari zaxirasi bo‘lishi mumkin. Agar bu tasdiqlansa, u dunyodagi eng yirik konlardan biriga aylanadi.

Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti eksperti Takaxiro Kamisuna AFP’ga bergan izohida: “Agar Yaponiya Minamitori hududida nodir yer elementlarini barqaror ravishda qazib olishga muvaffaq bo‘lsa, bu muhim sanoat tarmoqlari uchun ichki ta’minot zanjirini ta’minlaydi”, — dedi.

Bu Xitoyga qaramlikni kamaytirishga qaratilgan qadam sifatida baholanmoqda. 6 yanvar kuni Xitoy Savdo vazirligi Yaponiyaga ikkilamchi tovarlar eksportini taqiqlagan edi, ular orasida ayrim nodir yer elementlari ham bor.

Nodir yer elementlari — o‘ziga xos xususiyatlarga ega 17 ta kimyoviy elementdan iborat guruh. Ular yuqori texnologiyali qurilmalar, jumladan radioelektronika va asbobsozlikda qo‘llanadi.

Aniqlangan zaxiralar bo‘yicha yetakchi davlatlar: Xitoy — 44 mln tonna, Vetnam — 22 mln tonna, Braziliya — 21 mln tonna, Rossiya — 10 mln tonna. 

Eng qimmat nodir yer metallaridan biri — skandiy. U kosmik sanoat, mudofaa sohasi va qattiq oksidli yonilg‘i elementlarida (quvvat generatorlari uchun) ishlatiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid