Jahon | 15:26
978
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Starlink internet-terminallarini hisobga olish tizimini ishga tushirdi

Ukraina Rossiya harbiylarini dron hujumlarida Starlink’dan foydalanish imkonidan mahrum qilish uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh internet terminallarini hisobga olish (ro‘yxatdan o‘tkazish) tizimini ishga tushirdi. 

Foto: IMAGO

“Yaqin orada Ukrainada faqat tekshirilgan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan terminallar ishlaydi. Qolganining hammasi o‘chirib qo‘yiladi”, — deb xabar qildi Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorov 2 fevral, dushanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina foydalanayotgan Starlink terminallari ishlab chiqaruvchi kompaniya SpaceX bilan hamkorlikda “oq ro‘yxat” (white list)ga kiritiladi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni ukrainaliklar uchun “imkon qadar sodda” qilinadi va “bepul, tez va ortiqcha byurokratiyasiz” amalga oshiriladi.

Fedorov tushuntirishicha, biznes uchun Starlink terminallarini tasdiqlash (verifikatsiya) algoritmi ham sodda bo‘ladi — onlayn tarzda “Dіya” portali orqali, mudofaa kuchlari uchun DELTA orqali alohida himoyalangan kanal amal qiladi, harbiy qism balansiga terminal o‘tkazish yoki akkaunt ma’lumotlarini berish shart emas — asosiysi, bloklanib qolmasligi uchun terminalni “oq ro‘yxat”ga kiritish kerak.

Fedorov bu choralar Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga qarshi urushda Starlink’dan foydalanayotgani haqidagi ma’lumotlarga javob ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Starlink terminali o‘rnatilgan Rossiya dronlarini yo‘q qilish qiyin: ular past balandlikda uchadi, REK (radioelektron kurash)ga chidamli bo‘ladi va operator tomonidan real vaqt rejimida, hatto uzoq masofalardan boshqariladi. Vazirga ko‘ra, bu — ukrainlar hayotini saqlash va Ukraina energetika obektlarini himoya qilishga qaratilgan “majburiy qadam”.

Bundan oldin Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi Sergey Beskrestnov Starlink modullari o‘rnatilgan Rossiya dronlari bilan bog‘liq yuzlab hujumlar bo‘lganini aytgan. U, shuningdek, 27 yanvar kuni Starlink orqali boshqarilgan Shahed dronlari Xarkiv viloyatida yo‘lovchi poyezdiga hujum qilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan — o‘sha hodisada besh kishi halok bo‘lgan.

Fedorovning aytishicha, vazirlik SpaceX’ga Rossiya armiyasi Starlink’dan dronlarni boshqarishda foydalanayotgani haqida dalillarni yetkazgan va “muammoni hal qilishning aniq usullari”ni taklif qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika kompaniyasi darhol yechim ustida ishlay boshlagan. 1 fevral kuni SpaceX egasi Ilon Mask Rossiya harbiylarining Starlink’dan foydalanishiga qarshi choralar samara berganini ma’lum qilgan.

Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Starlink yo‘ldoshlariga yo‘naltirilgan qarshi sun’iy yo‘ldosh qurolini yaratishi mumkin. “Zonali ta’sir” deb atalgan bu qurol Starlink orbitalariga yuz minglab yuqori zichlikka ega sharsimon elementlarni sochishga qaratilgan bo‘lishi mumkin, bu biryo‘la bir nechta yo‘ldoshni ishdan chiqarishi, biroq boshqa orbitadagi tizimlarga ham katta xavf keltirib chiqarishi mumkin, deb yozadi agentlik NATOning ikki davlati razvedka xizmatlariga tayanib.

Starlink orbitasi Yerdan taxminan 550 km balandlikda joylashgan. Tahlilchilar fikricha, agar shunday ssenariy amalga oshsa, eng katta zarar quyosh batareyalariga yetishi mumkin — chunki ular sun’iy yo‘ldoshning eng zaif qismi hisoblanadi.

G‘arb razvedkalari Moskva ehtimoliy “kosmik diversiya” orqali G‘arb davlatlarining kosmosdagi ustunligini, xususan, Ukrainaga jang maydonida yordam berayotgan Starlink yo‘ldoshlari imkoniyatini cheklashni maqsad qilgan, deb hisoblaydi.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid