Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ho‘rmuz bo‘g‘ozida keskinlik: Eron katerlari AQSh tankeriga yaqinlashdi
Ho‘rmuz bo‘g‘ozida Eronning qurollangan harbiy katerlari AQSh bayrog‘i ostida ketayotgan Stena Imperative tankeriga yaqinlashgan. Eron OAVga ko‘ra, kema mamlakatning hududiy suvlariga kirib qolgan. Keyinroq esa F-35 qiruvchi samolyoti Eron dronini urib tushirgan.
Foto: Sepahnews/IMAGO
Seshanba kuni, 3 fevralda Reuters va The Wall Street Journal vaziyatdan xabardor manbalarga hamda Vanguard Tech konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, Eronning oltita qurollangan kateri AQSh bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Stena Imperative tankeriga yaqinlashgan. Hodisa Ho‘rmuz bo‘g‘ozida, Ummondan taxminan 30 km shimolda sodir bo‘lgani aytiladi. Qayd etilishicha, Eron katerlaridan tanker ekipajiga harakatni to‘xtatish va abordajga tayyorgarlik ko‘rish haqida buyruq berilgan. Biroq Stena Imperative tezligini oshirib, harakatni davom ettirgan — keyinchalik u AQSh harbiy kemasi hamrohligida yurgan.
Eronning Fars axborot agentligi mamlakat amaldorlariga tayanib bildirishicha, tanker Islom Respublikasining hududiy suvlariga kirgan, ogohlantirishdan keyin esa “xavfsizlikka doir alohida hodisalarsiz” hududni tark etgan. O‘z navbatida, Reuters manbalariga tayanib, ushbu kema Eron hududiy suvlariga kirmaganini ta’kidlaydi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi, Arab dengizi va Hind okeani bilan bog‘laydi. Ushbu dengiz yo‘lagi orqali jahon neft qazib olish hajmining taxminan beshdan bir qismi tashiladi. 2025 yil iyunida Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligi vakili AQSh tomonidan hujum bo‘lsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish bilan tahdid qilgan edi.
Tanker bilan bog‘liq hodisadan biroz o‘tib, AQShning F-35C qiruvchi samolyoti Eronga tegishli uchuvchisiz apparat (dron)ni urib tushirgan. Dron Arab dengizi tomondagi USS Abraham Lincoln aviatashuvchisiga yo‘nalgani haqida Bloomberg va Associated Press xabar bergan.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, dron aviatashuvchiga “agressiv tarzda” va “noaniq niyatlar” bilan yaqinlashgan hamda xalqaro suvlarda harakatlanayotgan amerikalik harbiylar keskinlikni pasaytirish choralarini ko‘rganiga qaramay, uning tomon uchishda davom etgan.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Donald Tramp tomonidan yangi harbiy tahdidlar yangraganidan so‘ng, mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini bildirdi, deb xabar berdi 1 fevral kuni Eron davlat agentligi IRNA. Pezeshkiyonning ta’kidlashicha, Eron “hech qachon urushni istamagan” va hozir ham istamaydi.
Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy ham shu kuni ogohlantirishicha, agar Vashington jang harakatlarini boshlasa, “bu safar mintaqaviy urush bo‘ladi”. “Biz boshlamaymiz va biror mamlakatga hujum qilishga intilmaymiz. Ammo Eron xalqi unga hujum qilgan yoki tahdid qilgan har kimga qat’iy zarba beradi”, — dedi 86 yoshli Xomanaiy davlat televideniyesida.
Oq uy rahbari esa Tehronga bosimni kuchaytirib, yana harbiy choralar bilan tahdid qildi. U Eron tomon qo‘shimcha harbiy kemalar yo‘l olganini aytdi. “Va, umid qilaman, biz kelishuv tuzamiz”, — dedi Tramp 30 yanvar kuni Oq uyda jurnalistlarga. Keyinroq Floridaga parvoz chog‘ida samolyot bortda u kutilmalarini aniqroq bayon qildi: “Umid qilaman, ular maqbul bir narsaga kelishishadi”.
AQSh prezidenti Eron rahbariyatiga bir necha bor harbiy zarbalar bilan tahdid qilgan, jumladan hukumatga qarshi namoyishlarning shafqatsiz bostirilishi fonida. Biroq 31 yanvar kuni Tramp Tehronga nisbatan qanday yo‘l tutishni muzokaralar natijasiga qarab hal qilishini aytgan. Yanvar boshidan beri mintaqada AQSh harbiy ishtiroki sezilarli kuchaytirilgan — xususan Abraham Lincoln aviatashuvchisi va uni kuzatib boruvchi kemalar yetib kelgan.
Vashington Tehron bilan Eron yadro dasturini to‘xtatish va ballistik raketalar ishlab chiqishni cheklash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ular 6 fevral kuniga belgilangan. Axios ma’lumotiga ko‘ra, Eron hokimiyati uchrashuv joyini Istanbuldan Ummonga ko‘chirishni talab qilmoqda.