Jahon | 10:55
1928
4 daqiqa o‘qiladi

Kolumbiya prezidenti Petro Oq uyda Tramp bilan uchrashdi

Donald Tramp amerikalik jurnalistlarga seshanba kuni, 3 fevral kechqurun, Gustavo Petro bilan muzokaralari Vashington va Bogota o‘rtasida bir necha oy davom etgan keskinlikdan keyin muvaffaqiyatli o‘tganini bildirdi. 

Foto: Colombia Presidency/Handout/REUTERS

Oq uy rahbari Kolumbiya yetakchisi bilan “juda yaxshi til topishgani”ni aytdi. Tramp yaqindagina uni AQShga kokain yetkazib berishda ayblagan va amerikaliklar Nikolas Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiyasidan keyin “o‘zini ehtiyot qilsin” deya ogohlantirgan edi.

“Biz juda yaxshi til topishdik. U bilan biz eng yaqin do‘stlar emas edik, lekin men xafa bo‘lganim yo‘q, chunki uni hech qachon uchratmaganman. Men uni umuman tanimasdim, va biz juda yaxshi til topishdik”, — dedi Oq uy rahbari muzokaralar yakunlanganidan bir necha soat o‘tib jurnalistlarga. Tramp qo‘shimcha qilishicha, ikki davlat narkotrafikka qarshi kurashda hamkorlik ustida, shuningdek Kolumbiya rahbariga, uning oila a’zolariga va Janubiy Amerikadagi ushbu mamlakat ichki ishlar vaziriga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish ustida ishlayapti.

O‘z navbatida, Gustavo Petro Kolumbiyaning Caracol radiostansiyasiga, u va Donald Tramp uchrashuvda Venesuela gazini Kolumbiya orqali eksport qilish imkoniyati, narkotrafikka qarshi kurash, shuningdek “Kolumbiyaning Ekvador bilan savdo va narkotik nizosi”ni muhokama qilganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Oq uy rahbari ushbu bahsda vositachi bo‘lishga rozi bo‘lgan.

Gustavo Petro idorasi X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bir nechta suratlarga ko‘ra, Oq uydagi suhbat Oval kabinetda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio va Kolumbiyaning yuqori martabali amaldorlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan. “Haqiqat shuki, menga to‘g‘ri amerikaliklar yoqadi — o‘z o‘ylaganini aytadigan odamlar. Biz, shubhasiz, bir-birimizdan juda farq qilamiz. Lekin ochiqlik hammasidan ustun”, — dedi Petro.

E’lon qilingan suratlardan birida Tramp Petrog‘a sovg‘a qilingan o‘zining 1987 yilda chiqqan “Bitim tuzish san’ati” (The Art of the Deal) kitobi nusxasiga “Siz ajoyibsiz” degan yozuv bilan imzo qo‘ygani ko‘rinadi.

AQSh Moliya vazirligi 2025 yil 24 oktyabrda Kolumbiya prezidentiga, uning oila a’zolariga, shuningdek mamlakat ichki ishlar vaziri Armando Benedettiga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etgan, jumladan ularning AQShga kirishini taqiqlagan. Vashington o‘shanda Petro “narkokartellar gullab-yashnashga yo‘l qo‘ygani va ular faoliyatini to‘xtatishdan bosh tortgani”ni da’vo qilgan edi. Shu bilan birga, Kolumbiyada Petroning o‘g‘li otasining saylov kampaniyasi uchun ehtimoliy narkosavdogardan pul olganlikda ayblanishi haqida AFP agentligi ham qayd etgan.

Amerika sanksiyalaridan keyin 2022 yilda hokimiyatga kelgan Gustavo Petro Kolumbiya poytaxtida Tramp siyosatiga qarshi namoyishlar o‘tkazishga chaqirgan. Bu siyosatga AQSh harbiylarining Karib dengizida, ehtimol, narkokartellarga tegishli deb hisoblangan Kolumbiya kemalariga bergan zarbalari ham kiritiladi. Faqat ikki oy ichida AQSh 10 ta shunday kemani yo‘q qilgan va ularda bo‘lgan kamida 43 nafar kishini o‘ldirgan. Shuningdek, Kolumbiya yetakchisi AQShning Isroilni qo‘llab-quvvatlashini keskin tanqid qilib kelgan.

Bunga javoban Tramp Petroga “bandit” deb baho bergan va mamlakatga narkotrafikka qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan yordamni to‘xtatishini e’lon qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid