Jahon | 10:55 / 05.02.2026
1667
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada migrantlarni til kurslariga qabul qilish vaqtincha to‘xtatildi

GFRda migrantlarni integratsiya kurslariga (jumladan, nemis tili o‘rganiladigan kurslarga) qabul qilish 2025 yil dekabridan beri amalda to‘xtatilgan. Germaniya IIV ma’lumot berishicha, arizalar ichki tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Foto: Götz Schleser/IMAGO

2025 yil dekabridan beri Germaniyada migrantlarni yangi integratsiya kurslariga qabul qilish amalda to‘xtatilgan. Bu kurslar doirasida, xususan, nemis tili o‘qitiladi. 4 fevral, chorshanba kuni Correctiv nashri xabar berishicha, Qochqinlar va migratsiya ishlari bo‘yicha federal idora (BAMF) bunday kurslarda ishtirok etish uchun topshirilayotgan yangi arizalarni vaqtincha ma’qullamayapti.

Bu haqda idoraning 22 yanvar sanasida til kurslari tashkilotchilariga yo‘llangan ochiq xatida aytiladi, mazkur xat jurnalistlar qo‘liga tushgan. Correctiv ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotchilar oldindan ogohlantirilmagan. Aksincha, ularga kutilmaganda, potensial ishtirokchilarning arizalarini ko‘rib chiqish “noma’lum muddatga” muzlatilgani aytilgan.

“90/Yashillar ittifoqi” (Bündnis 90/Die Grünen) partiyasining deputatlik so‘roviga javobda Germaniya Federal ichki ishlar vazirligi integratsiya kurslariga qatnashish uchun arizalar “ichki tekshiruvdan o‘tkazilayotgani”ni aniqlashtirgan. Shu bilan birga, hozircha “bu jarayon qancha davom etishini va qatnashishga ruxsat berish bo‘yicha yakuniy qaror qachon qabul qilinishini aniq aytish mumkin emas”, deyiladi javobda.

GFRda amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ayrim toifadagi xorijliklar, jumladan qochqinlar va mehnat migrantlari, Germaniyada uzoq muddat yashagan taqdirda integratsiya kurslarini o‘tash huquqiga ega.

Boshqa guruhlar — jumladan vaqtinchalik himoya maqomiga ega Ukraina fuqarolari, boshpana so‘rovlari hali ko‘rib chiqilmagan shaxslar, shuningdek mamlakatni tark etishi kerak bo‘lgan, biroq vaqtincha qolishga ruxsat olganlar (nemischa: Duldung) — bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lsa, kurslarga qabul qilinishi mumkin.

Germaniya xalq universitetlari birlashmasi (DVV) BAMF qarori sabab yuzaga kelgan vaziyatni “dramatik” deb atadi. Tashkilot vakillariga ko‘ra, yangi kurslar qatnashchilar soni juda cheklangan holda boshlanmoqda, ko‘pchilik esa muddatlar bo‘yicha hech qanday tushunchaga ega bo‘lmagan holda kutishga majbur.

“Biz ko‘ryapmizki, odamlarning tez integratsiyalashuviga amalda to‘siq qo‘yilyapti yoki sababsiz cho‘zib yuborilyapti”, — dedi DVV vakili Sasha Reks.

Assotsiatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, bu ayniqsa ishni tezroq topish va Germaniyadagi hayotga moslashishni istagan yosh ukrainaliklar tomonidan qattiqroq his qilinmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid