Jahon | 15:22
1691
2 daqiqa o‘qiladi

Kiprda “Uralkaliy” sobiq rahbarining halok bo‘lgani tasdiqlandi

Kiprdagi Britaniya harbiy bazalari politsiyasi Rossiyaning “Uralkaliy” kompaniyasi sobiq rahbari Vladislav Baumgertnerning vafot etganini tasdiqladi. Yanvar o‘rtasida orolning janubida topilgan erkak jasadi aynan shu rossiyalik biznesmenga tegishli ekani ma’lum qilindi, deb yozadi 4 fevral, chorshanba kuni TASS Britaniyaning dengizorti hududi hisoblanuvchi Akrotiri va Dekeliya politsiya boshqarmasiga tayanib.

Foto: picture alliance / dpa

Rossiyalikning shaxsi DNK tahlili yordamida aniqlangan. “O‘lim sabablari haqida bizda hech qanday ma’lumot yo‘q. Bu hozircha o‘lim sababi aniqlanmaganini anglatadi”, — deb xabar berildi politsiyada.

Erkak qoldiqlari yanvar o‘rtasida Kipr janubida, yo‘qolgan Baumgertnerni qidirish ishlari olib borilgan hududda topilgan, biroq uning shaxsini darhol aniqlab bo‘lmagan. Grek OAV yozishicha, jasad Avdimu hududida kuchli darajada chirib ketgan holatda topilgan va shu sabab uni DNK natijalari asosida tanib olishga qaror qilingan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 53 yoshli biznesmen 7 yanvar kuni Limassolda yo‘qolgan, Kipr politsiyasi uning bedarak ketgani haqida 11 yanvar kuni xabar bergan. Uning mobil telefoni signali oxirgi marta 10 yanvar kuni Pissuri qishlog‘i atrofida — “tik qoyali sohil” yaqinida qayd etilgan.

“Fontanka” nashri Baumgertner faol ravishda tog‘-qoyalarga chiqish bilan shug‘ullanganini va “bu safar ham, ehtimol, navbatdagi marshrutni bosib o‘tishni istaganini” aniqlashtirgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, politsiya uning halok bo‘lishi bo‘yicha asosiy versiya sifatida baxtsiz hodisani ko‘rib chiqmoqda.

Baumgertner yo‘qolgan kuni Kiprda Rossiya elchixonasi xodimi — kriptograf bo‘lib ishlagan va RF maxsus xizmatlari bilan bog‘liq ekani aytilgan Anton Panov ham o‘lik holda topilgan. Shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda yashirin kamerada tasvirga olingan, yuqori lavozimli kiprlik amaldorlar uchrashuvi yozuvi ham tarqalgan: unda korrupsion sxemalar, jumladan rossiyaliklarga YeI sanksiyalarini aylanib o‘tishda yordam berish masalalari muhokama qilingani aytilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid