Jahon | 13:33 / 15.01.2026
3094
3 daqiqa o‘qiladi

Kiprda “Uralkaliy” sobiq rahbari yo‘qolishi: erkak kishining jasadi topildi

Kiprda bir haftacha oldin yo‘qolgan “Uralkaliy”ning sobiq rahbari Vladislav Baumgertner qidiruvi olib borilayotgan hududda erkak kishining jasadi topildi. Jasad aynan rossiyalik biznesmenga tegishlimi-yo‘qmi, DNK tahlilidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

Foto: Global Look Press

Kiprda “Uralkaliy” kompaniyasi sobiq rahbari Vladislav Baumgertnerning taxminan bir hafta oldin yo‘qolib qolishi ortidan olib borilayotgan qidiruvlar mintaqacida erkak kishining jasadi topildi. Hozircha uning shaxsi aniqlanmagan. Bu haqda 14 yanvar, chorshanba kuni grek tilidagi Philenews onlayn-nashri yozdi.

Nashrda qayd etilishicha, jasad Avdimu hududida topilgan va u kuchli darajada chirigan holatda bo‘lgan. “Ertaga u rossiyalik biznesmenmi-yo‘qmi aniqlanadi”, — deyiladi ma’lumotda. Shaxsni tasdiqlash DNK tahlili natijalariga ko‘ra amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Grek jurnalistlari ta’kidlashicha, “hozircha politsiya jasad 56 yoshli rossiyalik biznesmen Vladislav Baumgertnerga tegishli ekanini tasdiqlamayapti”. U 7 yanvar kuni Limassolda yo‘qolgani aytilmoqda.

Shu kunning o‘zida Rossiyadagi “Fontanka” onlayn-nashri qidiruvda ishtirok etgan manbalarga tayanib, gap haqiqatan ham Vladislav Baumgertnerning jasadi haqida ketayotganini yozgan.

Rossiyalik jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, biznesmen 8 yanvar kuni bedarak yo‘qolgan. Kipr politsiyasi esa uning yo‘qolgani haqida 11 yanvarda xabar qilgan. Uning mobil telefoni signali oxirgi marta 10 yanvar kuni Pissuri qishlog‘i atrofida — “tiq, qoyali sohil” yaqinida qayd etilgan.

Nashrga ko‘ra, uni avvaliga tog‘li hududda izlashgan, keyinchalik “Uralkaliy” sobiq rahbarining jasadi jarlik ichida topilgan. “Fontanka” Baumgertner tog‘ga chiqish bilan faol shug‘ullanganini va bu safar ham, taxminan, navbatdagi marshrutni bosib o‘tishga qaror qilganini yozadi. Manba ma’lumotlariga ko‘ra, politsiya uning halok bo‘lishi bo‘yicha asosiy versiya sifatida baxtsiz hodisani ko‘rib chiqmoqda.

Shu orada, ayrim OAV Baumgertner yo‘qolgan kuni Kiprda Rossiya elchixonasi xodimi Anton Panov ham o‘lik holda topilganini eslatadi. Ma’lumotda u elchixonada kriptograf bo‘lib ishlagani va RF maxsus xizmatlari bilan bog‘liq bo‘lgani aytiladi.

O‘sha kuni ijtimoiy tarmoqlarda maxfiy kameraga olingan videoyozuv ham tarqalgan: unda yuqori lavozimli Kipr amaldorlari korrupsion sxemalarni, jumladan rossiyaliklarga Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini aylanib o‘tishda yordam berish masalalarini muhokama qilayotgani aks etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid