Jahon | 13:03
2571
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirdi

AQShning Tehrondagi virtual elchixonasi yana bir bor amerikaliklarga Eronni zudlik bilan tark etishni tavsiya qildi - Armaniston yoki Turkiya orqali quruqlikdan chiqib ketish, mahalliy yoki AQSh hukumatining yordamiga bog‘liq bo‘lmagan reja tuzish kerakligi aytildi.

Foto: Morteza Nikoubazl/NurPhoto/picture alliance

AQSh hukumat organlari amerikaliklarni Eron hududini zudlik bilan tark etishga chaqirdi. “Darhol Eronni tark eting. AQSh hukumatining yordamiga bog‘liq bo‘lmagan holda Erondan chiqib ketish rejasini ishlab chiqing. Parvozlar bekor qilinishi yoki uzilishlar oldindan ogohlantirishsiz ham yuz berishi mumkin”, — deyiladi AQShning Tehrondagi virtual elchixonasi bayonotida.

Diplomatik missiya AQSh fuqarolariga hukumat yordamiga umid qilmasdan mustaqil chiqib ketish rejasini tuzishni tavsiya qiladi — quruqlikdan Armaniston yoki Turkiya orqali. Bayonotda internet ishida uzilishlar bo‘lishi mumkinligi ham qayd etilgan.

“Agar siz mamlakatni tark eta olmasangiz, uyingizda yoki boshqa xavfsiz binoda xavfsiz joy toping. Oziq-ovqat, suv, dori-darmon va boshqa zarur narsalarni zaxira qiling. Namoyishlardan yiroq bo‘ling, ko‘zga tashlanmaslikka harakat qiling va atrofga e’tiborli bo‘ling”, — deya chaqirdi elchixona. Shuningdek, mahalliy OAVni kuzatish va rejalarni zaruratga qarab o‘zgartirishga tayyor turish, telefonni doimo quvvatlangan holda saqlash, qarindoshlar va do‘stlar bilan aloqani uzmaslik tavsiya etilgan.

Bayonotda AQSh Eron bilan diplomatik munosabatlarni saqlamasligi, amerikaliklar esa bu mamlakatda so‘roq, hibsga olish va ushlab turish xavfi yuqori bo‘lgan katta tavakkalchilikka duch kelishi ta’kidlanadi. Diplomatlar eslatishicha, AQSh bilan aloqadorlikni namoyish qilishning o‘zi ham Eron hokimiyati tomonidan ushlab ketish uchun yetarli sabab bo‘lishi mumkin.

Amerikaliklar uchun shunga o‘xshash ogohlantirishlar AQShning Tehrondagi virtual elchixonasi saytida 2026 yil 13 yanvar kuni va 2025 yil 15 iyun kuni ham e’lon qilingan.

6 fevral kuni Ummonda AQSh va Eron Eronning yadroviy dasturini to‘xtatish hamda ballistik raketalarni ishlab chiqishni cheklash bo‘yicha muzokara o‘tkazishi kerak.

Bundan avval AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga bosimni kuchaytirgan va bir necha bor harbiy choralar bilan tahdid qilgan — jumladan, hukumatga qarshi namoyishlarni shafqatsiz bostirish bilan bog‘liq holda. Yanvar boshidan beri mintaqadagi AQSh harbiy ishtiroki sezilarli darajada kengaytirildi, xususan, Abraham Lincoln aviatashuvchisi va uning kuzatuvchi kemalari yetib keldi.

Yanvar oxirida Tramp Eron tomon qo‘shimcha harbiy kemalar yo‘l olganini aytdi. Shu bilan birga, u “bitim tuzish”ga umid bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar natijasiga qarab, Tehronga nisbatan qanday yo‘l tutishini hal qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid