O‘zbekiston | 10:42
3341
2 daqiqa o‘qiladi

Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib qayta saylandi

Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov yana Konstitutsiyaviy sud sudyasi bo‘ldi. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, mazkur sud sudyalari qayta saylanish huquqisiz 10 yillik muddatga saylanadi.

Foto: Senat matbuot xizmati

Senat yalpi majlisida Mirzo-Ulug‘bek Elchiyevich Abdusalomov O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudining sudyasi etib qayta saylandi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov 1952 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – huquqshunos, yuridik fanlar nomzodi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.

U 1995–2004 yillar mobaynida Oliy xo‘jalik sudi raisi, 2004–2005 yillarda Konstitutsiyaviy sud raisi lavozimlarida ishlagan, 2005 yil 7 mayidan 2021 yil 5 fevraliga qadar Markaziy saylov komissiyasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Abdusalomov 2021 yil fevralidan buyon Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil yanvarida Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud sudyalari qayta saylanish huquqisiz 10 yillik muddatga saylanadi. Ilgari birinchi marta 5 yilga, ikkinchi marta 10 yilga saylangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid