Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp dorilarga chegirmalar taklif qiluvchi saytni ishga tushirdi
TrumpRx deb nomlangan saytda foydalanuvchilar retsept bilan beriladigan dorilarni arzonroq narxlarda topishi mumkin, deya ta’kidladi AQSh prezidenti. Bir qator farmatsevtika konsernlari hamkorlikka rozi bo‘lgan.
Foto: REUTERS
AQSh prezidenti Donald Tramp TrumpRx nomli hukumat saytini ishga tushirganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, amerikaliklar dorilarni yanada qulayroq narxlarda sotib olishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda dpa agentligi juma kuni, 6 fevralda xabar berdi.
Aniqlashtirilishicha, dorilar saytning o‘zida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotilmaydi. Biroq u yerda foydalanuvchilar retsept bilan beriladigan dorilarni topib, ularni sotib olishda qancha tejash mumkinligini bilib oladi. Dorini aynan shu narxda xarid qilish uchun kuponni yuklab olib, uni hamkor dorixonalardan birida ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Muqobil variant sifatida portal kerakli dorini ishlab chiqaruvchining o‘zidan to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish imkoniyati borligini ham ko‘rsatadi.
Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, sayt ishga tushgan paytda unda taxminan 40 ta dori vositasi, jumladan vazn tashlash uchun preparatlar ham bo‘lgan. Biroq jurnalistlar iste’molchilar Tramp va’da qilayotganday katta chegirmalarni haqiqatdan ham ola oladimi-yo‘qmi — bu borada ishonch bildirmayapti. Shu bilan birga, AQShdagi bir qator yirik farmatsevtika konsernlari allaqachon TrumpRx orqali o‘z mahsulotlarini chegirma bilan taklif qilishga rozilik bergan.
AQSh dorilar sotiladigan bozorlar orasida eng qimmatlaridan biri hisoblanadi. Yevropa va Osiyo mamlakatlarida esa bozor odatda qat’iyroq tartibga solinadi va eng yuqori narxlar bo‘yicha kelishuvlar mavjud.
AQShda yashash narxi qimmatligi haqida bahslar anchadan beri davom etmoqda. Dori-darmon narxlari — bu muammoning faqat bir jihati, xolos. Shu fonda Trampni ko‘pincha tashqi siyosat bilan haddan tashqari ko‘p shug‘ullanyapti, ichki muammolarga esa kamroq e’tibor beryapti, deb tanqid qilishadi.
Mavzuga oid
15:49
Finlandiya AQShni Ukrainaga kafolatlarni ehtiyotkorlik bilan ta’riflashga chaqirdi
13:03
AQSh o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirdi
12:25
Abu-Dabida Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi
10:02