Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh elchisi Polsha Seymi spikeri bilan aloqalarni uzmoqda
Polsha Seymi spikeri Donald Trampni Nobel tinchlik mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. AQSh elchisi Tom Rouz esa polyak siyosatchisini AQSh prezidentiga nisbatan «qo‘pol va asossiz haqoratlar» qilganlikda aybladi.
Foto: REUTERS
AQShning Varshavadagi elchisi Tom Rouz Polsha parlamenti quyi palatasi — Seym spikeri Vlodzimej Chajastiy bilan barcha aloqalarni to‘xtatishini bildirdi. Chajastiy Donald Trampni Nobel tinchlik mukofotiga nomzod sifatida ilgari surishni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan edi. Bu haqda juma kuni, 6 fevralda Polsha radiosi xabar berdi. Rouz polyak spikerini Trampga nisbatan «qo‘pol va asossiz haqoratlar» qilganlikda aybladi.
Varshava — AQShning Yevropadagi eng yaqin ittifoqchilaridan biri; Polsha NATO davlatlari orasida eng yuqori harbiy budjetlardan biriga ega. Shuningdek, Polsha Ukrainaga faol yordam berib kelmoqda, biroq Varshava hokimiyati Trampning Moskva bilan tinchlik kelishuvi bo‘yicha kelishishga urinishlariga shubha bilan qaraydi.
Seym spikeri Oq uy rahbari Nobel tinchlik mukofotiga loyiq emas, degan fikrni bildirdi. Polyak siyosatchisiga ko‘ra, AQSh rahbarining «Tinchlik kengashi» kabi yangi platformalar yaratishi «illyuzor» hisoblanadi. Uning fikricha, Polsha mavjud tashkilotlarni — YeI, NATO, BMT va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ni mustahkamlashi kerak. Spiker Tramp «kuch siyosati»ni namoyon etmoqda, deb xulosa qildi.
U shuningdek, Trampning Grenlandiyani anneksiya qilish istagini tanqid qildi hamda AQSh va NATO ittifoqchilari Afg‘onistondagi harbiy operatsiyada Yevropaning hissasini kamsitishini ham qoraladi.
Payshanba kuni, 5 fevralda polyak siyosatchisi elchining qarori uni o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur qilmasligini aytdi. «Elchining bayonotidan afsusdaman, ammo (Polsha uchun — tahr.) muhim bo‘lgan bu asosiy masalalar bo‘yicha pozitsiyamni o‘zgartirmayman», — dedi u.
Spiker a’zo bo‘lgan «Yangi so‘llar» partiyasi Polsha bosh vaziri Donald Tusk rahbarligidagi keng hukumat koalitsiyasi tarkibiga kiradi. Tusk AQSh elchisining pozitsiyasini tanqid qildi: «Janob elchi Rouz, ittifoqchilar bir-birini hurmat qilishi kerak, o‘rgatmasligi kerak. Hech bo‘lmaganda, Polshada sheriklik aynan shunday tushuniladi», — deb yozdi Tusk X ijtimoiy tarmog‘ida.
Avvalroq AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson va Isroil Knesseti spikeri Amir Oxana prezident Donald Trampni Nobel tinchlik mukofoti bilan taqdirlash tashabbusi bilan chiqqan edi.
Mavzuga oid
11:19
Tramp: Eron bilan muzokaralar yaxshi ketyapti, unga kelishuv qiziq
09:31
Tramp Hindistonga Rossiyadan neft sotib olishdan voz kechishi evaziga boj to‘lovlarini bekor qildi
09:02
Ummon: AQSh va Eron o‘rtasidagi “yadroviy” muzokaralarning birinchi bosqichi yakunlandi
21:30 / 06.02.2026