Jamiyat | 08:25
3825
3 daqiqa o‘qiladi

Centrum Air'ning Urganch-Toshkent reysiga 12 yo‘lovchi “sig‘may” qoldi

Urganch xalqaro aeroportidan Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan Centrum Air aviakompaniyasining C6089 reysiga qo‘lida chiptasi bo‘lgan 12 nafar yo‘lovchi "joy tugab qolgani" uchun qo‘yilmadi. Kompaniya buni samolyot almashgani bilan izohlab, yo‘lovchilarni boshqa reys bilan manziliga yubordi va ularga kompensatsiya va’da qildi.

Kollaj: Kun.uz

Joriy yil 5 fevral kuni soat 8:30 da Centrum Air’dan Urganch—Toshkent yo‘nalishiga chipta olgan yo‘lovchilarga reys soat 9:10 ga ko‘chirilgani haqida tunda xabar berilgan. Ro‘yxatga olish soat 8:25 gacha amal qilishi bildirilgan. Biroq aeroportga 8:10 atrofida yetib kelgan ayrim yo‘lovchilarga “samolyotda joy qolmagani” aytilgan. Yo‘lovchilardan birining ta’kidlashicha, reysdan qolganlar orasida operatsiyaga, davlat imtihonlariga yoki xalqaro ulanma (transfer) reyslarga ketayotgan fuqarolar ham bo‘lgan. U chiptani aviakompaniyaning rasmiy sayti orqali xarid qilganini aytadi.

Kun.uz holat yuzasidan Centrum Air bilan bog‘landi. Kompaniya vakilining ma’lum qilishicha, parvoz kuni mazkur reysni amalga oshirishi kerak bo‘lgan samolyot texnik sabablar bilan kichikrog‘iga (sig‘imi kam) almashtirilgan. Natijada ayrim yo‘lovchilar rejalashtirilgan reys bilan uchib keta olmagan.

Kompaniya pozitsiyasiga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyatda aviakompaniya o‘z zimmasiga tushgan barcha majburiyatlarni bajargan. Xususan, yo‘lovchilarga zudlik bilan muqobil parvoz variantlari taklif qilingan, chiptalar yo‘nalish bo‘yicha eng yaqin reyslarga qayta rasmiylashtirilgan va “sig‘may qolgan” barcha yo‘lovchilar joy bilan ta’minlangan. Kompaniya keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raganini ham bildirdi.

Shuningdek, aviakompaniya vakili kompensatsiya sifatida ushbu holatga duch kelgan yo‘lovchilarga keyingi parvozlar uchun chegirmalar berilganini aytdi. Qo‘shimcha ravishda ayrim yo‘lovchilar ko‘rgan ehtimoliy moliyaviy yoki boshqa zararlar haqidagi ma’lumotni faqat keyinroq olganini, bu masala bo‘yicha hozircha rasmiy murojaat kelib tushmaganini bildirdi.

Reysdan qolgan fuqarolarning biletlari taxminan 15 soat keyingi, soat 23:30 dagi reysga ko‘chirib berilgan. Biroq ayrim yo‘lovchilar uchun bu qaror operatsiya, davlat imtihoni yoki xalqaro ulanma reys kabi vaqtga bog‘liq masalalarda yetarli yechim bo‘la olmagan.

Avvalroq Centrum Air samolyotidagi texnik nosozlik tufayli 2025 yil 21 dekabr kuni uchishi kerak bo‘lgan Qozon—Toshkent reysining 200 dan ortiq yo‘lovchilari 27 soat aeroportda qolib ketgandi.

2025 yil 26 sentabr kuni aynan ushbu kompaniya bir o‘ringa 2 ta chipta sotishi natijasida ikki fuqaro Istanbul aeroportida qolib ketgandi. Aviakompaniya xatosi bilan Istanbul—Namangan reysiga sig‘may qolgan fuqarolarga Raqobat qo‘mitasi aralashuvi bilan kompensatsiya undirib berilgandi.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов

Mavzuga oid