Jahon | 11:19
1458
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Eron bilan muzokaralar yaxshi ketyapti, unga kelishuv qiziq

AQSh va Eron yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni davom ettiradi, va hozircha jarayon «juda yaxshi» ketyapti, dedi Donald Tramp.

Foto: AP

Ummon vositachiligida AQSh va Eron o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar dam olish kunlaridan keyin davom etadi, birinchi raund esa «juda yaxshi» o‘tdi. Bunday bayonotlarni AQSh prezidenti Donald Tramp juma kuni, 6 fevral kechqurun Air Force One prezident samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbatda berdi.

«Biz Eron bo‘yicha juda yaxshi muzokaralar o‘tkazdik. Eron, aftidan, kelishuvga erishishdan juda ham manfaatdor. Ko‘ramiz, bu qanday bitim bo‘lar ekan», — dedi Tramp. Shundan keyin AQSh prezidenti Yaqin Sharq tomon «katta armada» — Amerika kemalarining yirik guruhi harakatlanayotganini eslatdi.

Jurnalistning kelishuvga erishishning taxminiy muddatlari haqidagi keyingi savoliga Tramp AQShda «vaqt juda ko‘p» ekanini aytib, misol tariqasida Venesuelani keltirdi: uning aytishicha, bu mamlakat bir necha hafta AQSh blokadasida bo‘lgan, shundan keyin AQSh harbiylari mamlakat rahbari Nikolas Maduroni o‘g‘irlab, mamlakatdan olib chiqib ketgan. «Biz biroz kutib turdik, — dedi Tramp shu kontekstda. — Shoshilish kerak emas».

Shu bilan birga, Tramp Eronning savdo hamkorlariga nisbatan jazolovchi bojlar joriy etish bilan tahdid qildi. Prezident imzolagan farmonga ko‘ra, bunday bojlar Erondan tovar yoki xizmatlar sotib oladigan mamlakatlardan AQShga import qilinadigan mahsulotlarga nisbatan joriy etilishi mumkin. Oq uy rahbari aniq davlatlarni aytmadi, biroq misol sifatida 25 foizlik boj darajasini keltirdi.

Vashington Ummon poytaxti Masqatga delegatsiya yuborganida, Tehrondan bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalish bo‘yicha yon berishlarni talab qilgan: Eron yadroviy dasturining kelajagi, mamlakat raketa arsenalini qisqartirish hamda Yaqin Sharqdagi proksi-kuchlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha. Eron esa oldindan ogohlantirishicha, Ummonda faqat AQSh bilan yadroviy kelishuvni qayta tiklash va Eronga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish masalalari muhokama qilinadi.

Masqatda delegatsiyalar ummonlik vositachilar orqali muloqot qilganidan keyin Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi tadbir «ijobiy muhitda» o‘tganini va ikki mamlakat diplomatlari muhokamani davom ettirishga kelishib olganini bildirdi. Biroq, Arag‘chi ta’kidlashicha, suhbatlar faqat «yadroviy muammo» haqida bo‘lgan.

Arag‘chining so‘zlariga ko‘ra, Masqatdagi bilvosita uchrashuvdan keyin har ikki davlat delegatsiyalari maslahatlashuvlar uchun o‘z poytaxtiga qaytib ketadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp bir necha bor, agar Tehron 2015 yilda tuzilgan va 2019 yilda de-fakto amal qilishdan to‘xtagan Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvni qaytadan tuzishga rozi bo‘lmasa, harbiy choralar qo‘llash bilan tahdid qilgan. 2025 yil bahorida u Eronga ultimatum e’lon qilib, yangi kelishuv tuzish uchun mamlakatga «ikki oy» muhlat bergan.

2025 yil iyun oyida AQSh Eronning yadroviy obektlariga havodan zarbalar berdi — o‘sha paytda boshlangan Isroilning mamlakatga qarshi harbiy operatsiyasini qo‘llab-quvvatlagan holda. Bu zarbalar oqibatlarining ko‘lami haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q, ammo Tramp Eronning yadroviy dasturi yo‘q qilinganini aytgan.

2026 yil boshidan AQSh Yaqin Sharqdagi harbiy ishtirokini sezilarli darajada kengaytirdi. Tramp bu qadamlarni, jumladan, Erondagi hukumatga qarshi namoyishlarning shafqatsiz bostirilgani bilan izohlagan, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha voqealarda qariyb uch ming kishi halok bo‘lgan. Shundan keyin mintaqada AQSh harbiy-dengiz kuchlari «dunyodagi eng yirik jangovar kema» deb ataydigan Abraham Lincoln aviatashuvchisi va uni qo‘llab-quvvatlovchi kema guruhi paydo bo‘ldi. Ummonda muzokaralar boshlanishidan sal oldin esa AQSh o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid