Jahon | 10:20
962
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Tinch okeanida narkosavdogarlarga tegishli deb aytilgan kemaga zarba berdi

Tinch okeanning sharqiy qismida “narkotrafikning ma’lum yo‘nalishlari bo‘ylab harakatlangan” va narkosavdoga jalb etilgan kemaga zarba berildi, natijada ikki kishi halok bo‘ldi, deb xabar qildi AQSh Qurolli kuchlarining Janubiy qo‘mondonligi.

Foto: US Southern Command/AFP

AQSh qurolli kuchlari Tinch okeanida narkotik tashigan navbatdagi kemaga zarba berilganini ma’lum qildi. Dushanba, 9 fevral kuni amalga oshirilgan hujum natijasida narkosavdoda gumon qilinayotgan ikki kishi halok bo‘lgan, deb xabar berdi AQShning Lotin Amerikasi va Karib havzasi bo‘yicha Janubiy qo‘mondonligi X ijtimoiy tarmog‘ida.

Qo‘mondonlik postida shunday deyiladi: “Razvedka ma’lumotlari kemaning Tinch okeanning sharqiy qismida narkotrafikning ma’lum yo‘nalishlari bo‘ylab harakatlanganini va narkosavdo operatsiyalarida ishtirok etganini tasdiqladi. Zarba natijasida ikki ‘narkoterrorist’ o‘ldirildi, biri tirik qoldi”.

Qo‘mondonlik, shuningdek, tirik qolgan shaxsni qutqarish zarurati haqida “zudlik bilan AQSh qirg‘oqni qo‘riqlash xizmatiga xabar berilgani”ni qayd etgan.

Bu shunga o‘xshash uchinchi zarba. Qo‘mondonlik bayonotiga ko‘ra, 3 yanvar kuni AQSh qurolli kuchlari harbiy amaliyot davomida Venesuela rahbari Nikolas Maduroni qo‘lga olgan va uni turmush o‘rtog‘i Siliya Flores bilan birga AQShga olib ketgan. Ularga qo‘yilgan ayblovlar orasida “narkoterrorizm maqsadida til biriktirish” va “kokain olib kirish maqsadida til biriktirish” ham bor. Ular aybini tan olmadi.

Qo‘mondonlik ma’lum qilishicha, 2025 yil sentabridan beri AQSh Qurolli kuchlari Tinch okeani va Karib havzasida narkotik kontrabandasiga aloqador deb gumon qilingan o‘nlab kemalarga hujum qilgan. Harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, bu hujumlar oqibatida kamida 130 kishi halok bo‘lgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati halok bo‘lganlar haqiqatan ham narkosavdogar bo‘lganini tasdiqlaydigan dalillarni taqdim etmagan. Tanqidchilar esa bu hujumlarni sudsiz qatl deb atab, xalqaro huquq buzilayotganini ta’kidlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid