Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina: Germaniya Rossiyani tinchlik muzokaralarida murosaga chaqirmoqda
AQSh vositachiligida Moskva va Kiyev o‘rtasida Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha navbatdagi muzokaralar raundi yakunlariga ko‘ra, Germaniya hukumati Kremlni murosaga chaqirdi.
Foto: UAE Government/REUTERS
Germaniya o‘tgan hafta Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “ancha katta ilgarilash”ni ko‘rishni istagan, dedi dushanba, 9 fevral kuni Berlinda Germaniya hukumati rasmiy vakili Shtefan Kornelius. “Moskva hali-hamon maksimalistik talablarda turibdi. Biz Moskvani bu talablardan voz kechishga va qabul qilinadigan murosalarga olib boradigan yo‘llarni izlashga chaqiryapmiz”, — deb ta’kidladi u.
Ukrainadagi urushni yakunlashning ehtimoliy shartlari bo‘yicha yopiq tarzda o‘tgan ikki kunlik muzokaralar 5 fevral kuni Abu-Dabida yakunlangan. Unda Kiyev va Moskva navbatdagi asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishib olgan. Biroq Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish sari yo‘lda jiddiy burilishga erishilmagan.
Shunga qaramay, ushbu uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha barcha tomonlar — ya’ni Rossiya, Ukraina va AQSh muayyan ilgarilash borligini bildirgan. Masalan, AQSh davlat kotibi Marko Rubio hal qilinmagan masalalar ro‘yxati “sezilarli darajada qisqargani”ni, biroq ularning “eng qiyinlari” hali qolganini aytgan. Xususan, RF armiyasi tomonidan egallab olingan Ukraina hududlarining kelajagi masalasi hanuz aniq emas.
O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 7 fevral kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda Vashington Kiyev va Moskva muzokarachilariga 9 fevraldan boshlanadigan haftada Mayamida yangi muzokaralar raundini o‘tkazishni taklif qilganini ma’lum qildi. Davlat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Ukraina o‘z ishtirokini tasdiqlagan.
Germaniya hukumati matbuot kotibi Shtefan Kornelius muzokara jarayonining davom etishini qo‘llab-quvvatlagan. “Muhimi shundaki, Ukraina Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara olib bormoqda, — dedi u 9 fevral kuni. — Bu tinchlik jarayoniga qarab olg‘a siljish uchun markaziy elementdir”.
Mavzuga oid
16:12
Mudofaa tizimi, qiruvchilar va raketalar: Kiyev–Parij hamkorligi kuchayadi
15:06
Ishinger: Epshteyn ishida Rossiya izi bo‘lsa, hayron bo‘lmayman
14:58
Nemislarning ko‘pchiligi Rossiyadan keyin AQShni tinchlikka eng katta tahdid deb hisoblaydi
14:39