Jahon | 11:28 / 11.02.2026
3115
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadada maktabdagi otishmada o‘n kishi halok bo‘ldi

Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidagi otishma oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi. Hodisa Tambler-Rij shahridagi o‘rta maktabning yuqori sinflarida (senior high school) sodir bo‘lgan. Hujumda gumon qilinuvchining shaxsi hozircha ochiqlanmayapti.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Kanada g‘arbida joylashgan Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidagi Tambler-Rij shahrida o‘rta maktabning yuqori sinfida yuz bergan otishma natijasida o‘n kishi halok bo‘ldi. Yana 25 kishi yaralandi, ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda. Bu haqda chorshanba kuni, 11 fevralda Reuters agentligi mahalliy politsiyaga tayanib xabar berdi.

Politsiya bayonotiga ko‘ra, halok bo‘lganlarning olti nafarining jasadi maktab binosi ichida topilgan, yana bir jabrlanuvchi shifoxonaga olib ketilayotgan paytda yo‘lda vafot etgan. CBC telekanali ma’lumotiga ko‘ra, yana ikki nafar halok bo‘lgan kishining jasadi “hodisa bilan bog‘liq joy”da topilgan. Hujumda gumon qilinayotgan shaxs o‘z joniga qasd qilgan.

AFP agentligi qayd etishicha, dastlab Kanada OAV hujum qilgan shaxs ayol kishi bo‘lgani haqida xabar bergan, ammo politsiya hozircha hujumchi haqida tafsilotlarni ochiqlamadi, biroq uning shaxsi aniqlanganini bildirgan.

Kanada bosh vaziri Mark Karni ijtimoiy tarmoqlarda otishma haqidagi xabarlardan “hayrat va qattiq iztirobda” ekanini yozdi. “Bu dahshatli zo‘ravonlik oqibatida yaqinlaridan ayrilgan oilalar va do‘stlarga eng chuqur hamdardligimni bildiraman”, — deb qo‘shimcha qildi siyosatchi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid