Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Kutilmagan voqea» – Qirg‘izistonning sobiq «ikkinchi odami» o‘z iste’fosi haqida
Bu iste’fo Tashiyev prezidentlik ambitsiyalariga ega bo‘lgani bilan bog‘lanmoqda. Uning o‘zi esa bir necha bor prezidentlik poygasida ishtirok etmasligini aytgan va Japarovni qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi. O‘z iste’fosi yuzasidan bergan bayonotida ham aholini noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi, shu bilan birga, o‘ziga xodimlari bilan xayrlashishga imkon berilmaganidan nolidi.
Foto: Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisi Qamchibek Tashiyev o‘z iste’fosi yuzasidan munosabat bildirib, bu qaror o‘zi uchun «kutilmagan» bo‘lganini ma’lum qildi. Uning murojaati tarafdorlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi.
Tashiyev ayni vaqtda yuragini davolatish uchun Germaniyada bo‘lib turibdi.
U o‘z bayonotida avvalroq (2021 yilda) o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun prezident ruxsati bilan xorijga chiqqani va lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorni kutmaganini aytgan. Shu bilan birga, u har qanday holatda ham davlat rahbari qarori ijro etilishi shartligini ta’kidlagan.
«Men davlatimizga, xalqimizga va prezidentga halol xizmat qildim va bundan faxrlanaman. Afsuski, shaxsiy tarkib bilan xayrlashish imkoni berilmadi. MXDQning har bir xodimiga minnatdorchilik bildiraman va ularga muvaffaqiyat tilayman!», – deyiladi murojaatda.
Murojaat yakunida u fuqarolarni qonunlarga rioya qilishga, noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka va mamlakatda tinchlik hamda barqarorlikni saqlashga chaqirgan.
10 fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. U shuningdek Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimini ham yo‘qotdi.
Japarov o‘z qarorini «davlat manfaatlarini ko‘zlagani» bilan izohlagan.
Uning matbuot kotibi Askat Alagozov tomonidan e’lon qilingan bayonotda Japarov bu orqali «jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida tarqoqlikka yo‘l qo‘ymaslik, aksincha – birdamlikni mustahkamlashni maqsadi qilgani» aytiladi.
Tashiyevning iste’fosi ortidan prezidentning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi buyrug‘i ham imzolandi. Unga ko‘ra, Chegara xizmati qo‘mita tarkibidan alohida idora sifatida ajratiladi, qo‘mitaning 9-xizmati esa mamlakat prezidentiga bo‘ysunuvchi Davlat qo‘riqlash xizmatiga aylantiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurash va Tashiyevning nufuzi ortishi
KYRGYZSTAN STATE COMMITTEE FOR NATIONAL SECURITY
Qamchibek Tashiyev azaldan amaldagi prezident Sadir Japarovning yaqin safdoshi hisoblangan.
U mamlakatning oldingi prezidentlari davrida muxolifatda bo‘ladi va 2011 yilgi prezidentlik saylovlariga nomzodini qo‘yib, 14,32 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinni egallagandi.
2012 yil oktyabrida u va Japarov Bishkekda Qumtor ishiga qarshi o‘tkazilgan miting yetakchilari bo‘lishgan hamda parlamentni shturm qilishda qatnashishgan. O‘shanda ularning ikkisi ham qo‘lga olinib, sudlangan.
2020 yil oktyabrida bo‘lib o‘tgan va Sooronbay Jeenbekov hokimiyatdan ketishi hamda uning o‘rniga Sadir Japarov kelishi bilan yakunlangan namoyishlarda ham faol qatnashadi. Bu voqealar yakunida u Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimini egallaydi.
Tashiyev keyingi besh yil mobaynida mamlakatdagi eng qudratli ikkinchi shaxsga aylanadi.
Japarovning prezidentligi mamlakatda korrupsiyaga qarshi jiddiy kurash e’lon qilish bilan boshlangandi va bu missiyani bajarishda Tashiyev rahbarligidagi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga keng vakolatlar beriladi.
Uning rahbarligida qo‘mita ko‘plab yuqori martabali amaldorlarni korrupsiyada ayblab qo‘lga olgan va milliardlab mablag‘larni davlat byujyetiga qaytargan.
«Besh yillik kampaniya davomida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi budjetni 300 milliard somga (34 million dollar) to‘ldirdi», – degandi Tashiyev o‘tgan yil dekabr oyida jurnalistlarga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mingdan ortiq turli ko‘chmas mulk obektlari va 30 ming gektar yer davlatga qaytarilgan.
«Xususiylashtirishda qonunlar buzilgan. Obektlar o‘z funksiyalari bo‘yicha ishlamagan. [...] Korrupsionerlar shaxsiy boylik orttirish maqsadida binolarni buzib, mol-mulklarni sotib, yerlarni bo‘lib olib, sotishardi. Ko‘plab ijtimoiy obektlar ham noqonuniy xususiylashtirilgan. Umuman olganda, korrupsionerlar 2020 yilgacha davlatni qo‘llaridan kelgancha talon-toroj qilishgan», – degan Tashiyev.
Tashiyev qo‘shni mamlakatlar bilan chegara masalalarini hal qilishda ham Qirg‘iziston tomoni manfaatlarini ifoda etgan, xususan, bir necha bor O‘zbekiston delegatsiyasi bilan muzokaralarda qatnashgan. U yaqinda Japarov haqidagi hujjatli film uchun bergan intervyusida O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar oson kechmagani, hatto bir safar O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan janjallashib qolgani va muzokaralar to‘xtab qolgani haqida gapirib bergandi. Shundan keyin vaziyatga davlat rahbarlari aralashgan va muzokaralar tiklangan hamda barcha masalalar hal qilib olingan.
Saylovlar arafasi
Japarovning prezidentlik vakolati 2027 yil yanvarigacha amal qiladi. Davlat rahbari lavozimiga navbatdagi saylov kelasi yil yanvar oyining to‘rtinchi haftasida bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Japarovning o‘zi prezidentlikka qayta nomzodini qo‘yish istagini rasman e’lon qilmagan. Biroq Qirg‘iziston xalqiga so‘nggi murojaatlaridan birida u o‘z nomzodini qo‘yadigan bo‘lsa, prezidentlikka qayta saylanishiga ishonch bildirgan.
«Besh yil oldin aholining 80 foizi qo‘llab-quvvatlashi bilan saylangandim. Keyingi saylovda nomzodimni qo‘ysam, ishonchim komilki, 90 foiz qo‘llab-quvvatlov bilan o‘taman. Chunki xalqning qo‘llab-quvvatlashi avvalgidan ham kuchliroq bo‘lganini his qilyapman», – degandi Japarov.
Mamlakatda hali saylov kampaniyasi boshlanmadi. Lekin so‘nggi vaqtlarda mamlakatda muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazish zarurati haqida gapira boshlashdi. 9 fevral kuni, Tashiyev iste’foga chiqishidan bir kun oldin Japarov hamda parlament raisi Nurlanbek Turg‘unbek uuluga shu yilning o‘zida shoshilinch saylovlar o‘tkazish so‘ralgan murojaat kelib tushgan.
Hujjatga 75 kishi imzo chekkan, ular orasida mamlakatning sobiq bosh vazirlari, parlamentning sobiq deputatlari va taniqli jamoat arboblari bor.
Ular amaldagi prezident 2021 yilda eski Konstitutsiya bo‘yicha saylangani, o‘sha yil aprelida qabul qilingan yangi Konstitutsiya esa davlat rahbarining vakolat muddatini besh yil etib belgilaganiga e’tibor qaratmoqda.
Shu bilan birga, 2021 yil 5 mayda kuchga kirgan «Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi qonun 2021 yilda olti yilga saylangan prezident o‘z vakolatlarini yangi Konstitutsiyaga muvofiq amalga oshirishini, bu muddat esa uning birinchi muddati hisoblanishini tushuntiradi.
Jamoatchilik fikri bu borada ikkiga bo‘lingan: ba’zilar vaziyatdan chiqish yo‘lini muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishda ko‘rmoqda, boshqalar olti yillik muddat tugashini kutish zarurligini ta’kidlamoqda.
Shu fonda Tashiyevning iste’fosi uning prezidentlik ambitsiyalariga ega bo‘lgani bilan bog‘liqligi haqida taxminlar paydo bo‘ldi. Uning o‘zi esa bir necha bor prezidentlik poygasida ishtirok etish niyatida emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Xalqaro respublika instituti o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, so‘nggi yillarda Tashiyevning reytingi 14 foizdan 22 foizga ko‘tarilgan, bu vaqtda prezident Japarovga ishonch darajasi 35-38 foiz atrofida o‘zgarishsiz qolgan.
Mavzuga oid
20:25 / 10.02.2026
Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi
18:17 / 10.02.2026
Tashiyev bir necha kun oldin Germaniyaga uchib ketgan – manba
16:01 / 10.02.2026
Qamchibek Tashiyev ishdan ketdi
11:17 / 10.02.2026