O‘zbekiston | 14:54 / 11.02.2026
1586
3 daqiqa o‘qiladi

O‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari milliy reytingi joriy etiladi

Prezident administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish va rag‘batlantirish tartibini belgilaydigan nizom loyihasini tayyorladi. Reyting ma’lumotlari har yili 30 iyun holatiga shakllantirilib, natijalar 10 oktyabrga qadar e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.

Foto: O‘zA

O‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish va rag‘batlantirish tartibini belgilaydigan nizom loyihasi ishlab chiqildi. Hujjatga ko‘ra, milliy reytingni prezident administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi yuritadi.

Nizomda reytingning asosiy maqsadlari sifatida ta’lim tashkilotlari o‘rtasida shaffof raqobat muhitini shakllantirish, ta’lim xizmatlari sifati va mehnat bozori talablari uyg‘unligini kuchaytirish, ta’lim tashkilotlarining nufuzini oshirish hamda ma’lumotlarga asoslangan boshqaruvni rivojlantirish belgilangan.

Loyihaga muvofiq, milliy reyting obekti — bitiruvchilari mavjud bo‘lgan o‘rta maxsus va davlat kasbiy ta’lim tashkilotlari hisoblanadi. Shu bilan birga, harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlari, ayrim xalqaro ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar, shuningdek, ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari bo‘yicha milliy reyting yuritilmasligi qayd etilgan.

Ma’lumotlar bazasi hisobot yili yakunlari bo‘yicha har yili 30 iyun holatiga shakllantiriladi. Bunda ma’lumotlar maxsus platforma orqali tegishli vazirlik va idoralar axborot tizimlari, ta’lim tashkilotlari yuklaydigan hujjatlar hamda umummilliy so‘rovnoma natijalari asosida jamlanadi. Ta’lim tashkilotlari ayrim tasdiqlovchi hujjatlarni maxsus platformaga 1 iyuldan 15 iyulga qadar yuklaydi va hujjatlarning haqqoniyligi uchun tashkilot rahbari shaxsan javobgar bo‘lishi belgilangan.

Reyting natijalari mezonlar bo‘yicha yig‘ilgan umumiy ballar asosida shakllantiriladi: har bir indikator bo‘yicha eng yuqori natijaga erishgan tashkilot maksimal ball oladi, qolganlarniki esa proporsional tarzda hisoblanadi. Natijalar har yili 10 oktyabrga qadar agentlikning rasmiy veb-sayti va OAV orqali e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ta’lim tashkiloti reyting natijalari e’lon qilinganidan keyin 10 ish kuni ichida maxsus platforma orqali elektron tarzda murojaat kiritish huquqiga ega. Murojaatlar 15 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Rag‘batlantirish mexanizmiga ko‘ra, milliy reytingda eng yuqori o‘rinni egallagan 50 ta kasbiy ta’lim tashkilotining har biri davlat budjeti hisobidan BHMning 3 000 baravari miqdorida rag‘batlantiriladi. Ajratilgan mablag‘larning 80 foizi moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, 20 foizi esa rahbar va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, malaka oshirish va tajriba almashish xarajatlariga yo‘naltirilishi mumkin. Reyting bo‘yicha rag‘batlantirilgan kasbiy ta’lim tashkilotlariga keyingi ikki yil mobaynida milliy reytingda ishtirok etishda tanaffus berilishi ham nazarda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid