Iqtisodiyot | 10:05
1991
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qatorasiga oltinchi yil YeTTB eng ko‘p moliyalashtirgan davlat bo‘ldi

O‘zbekiston ketma-ket oltinchi yil Yevropa Tiklanish va taraqqiyot bankidan eng ko‘p mablag‘ jalb qilgan davlat bo‘ldi. Bankning O‘zbekistonga 2025 yildagi investitsiyalari 1 mlrd dollardan oshdi – bu o‘zaro hamkorlik tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki 2025 yilda O‘zbekistonga 1 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritdi va bu – o‘zaro hamkorlik tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Bu haqda bank tomonidan Kun.uz'ga taqdim etilgan relizda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston 2025 yilda ham YeTTBdan eng ko‘p mablag‘ jalb qilgan davlat bo‘lgan. Shu tariqa, ketma-ket 6 yildan buyon YeTTB O‘zbekistonga eng ko‘p sarmoya kiritib kelmoqda.

YeTTBning O‘zbekistondagi faoliyati uchta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi:

  • barqaror infratuzilmani yaratish (jami moliyalashtirishning 45 foizidan ortig‘i);
  • kichik va o‘rta biznes, ayollar va yoshlar tadbirkorligi, iqlim o‘zgarishiga chidamlilik va resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun mahalliy banklarga kredit ajratish (39 foiz);
  • xususiy ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilarni qo‘llab-quvvatlash (16 foiz).

Ajratilgan kreditlarning 84 foizi xususiy tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga, salkam 60 foizi esa yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

YeTTB, jumladan, Markaziy Osiyodagi eng yirik – 1 GW quvvatli quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimi (BESS – 1 336 MW/soat) qurilishini moliyalashtirmoqda. Loyiha ACWA Power bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning YeTTB oldidagi davlat tashqi qarzi 426 mln dollarni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, YeTTB 2026 yilda Asakabankning 15 foiz aksiyasini sotib olishi kutilmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев

Mavzuga oid