Jahon | 15:42 / 13.02.2026
3567
5 daqiqa o‘qiladi

Isroilga qurol: Germaniya konstitutsiyaviy sudi shikoyatni qabul qilmadi

G‘azo sektorida yashovchi falastinlik Germaniya tomonidan Isroilga qurol eksport qilishga berilgan ruxsatga qarshi da’vo kiritgan. GFR Federal konstitutsiyaviy sudi bu masalada Gessendagi sud qarorini qayta ko‘rib chiqish uchun asos topmadi.

Foto: AP

GFR Federal konstitutsiyaviy sudi G‘azo sektorida yashovchi falastinlikning Isroilga qurol-yarog‘ eksport qilishga berilgan ruxsatga qarshi yo‘llangan shikoyatini ko‘rib chiqishga qabul qilmadi. Bu haqda payshanba, 12 fevral kuni sud saytida xabar qilindi.

“Asosiy qonundan Germaniya davlatining xalqaro gumanitar huquq va xalqaro inson huquqlarini himoya qilish majburiyati kelib chiqadi. Ayrim shartlarda bu majburiyatdan chet elda yashaydigan odamlarni ham himoya qilish majburiyati kelib chiqishi mumkin, — deyiladi qaror asoslantirilgan xabarda. — Davlat organlari, odatda, himoya qilish bo‘yicha umumiy majburiyatni va ehtimoliy aniq himoya majburiyatlarini qanday bajarish haqida mustaqil qaror qabul qiladi. Shuning uchun, odatda, muayyan bir aniq choraga bo‘lgan huquq mavjud emas”.

Federal konstitutsiyaviy sud ta’kidlashicha, ayrim istisno holatlardagina ushbu qoidadan chetga chiqish mumkinligi haqida qarorni ixtisoslashgan sudlar qabul qiladi. Biroq mazkur holatda da’vogar ixtisoslashgan sudlar unga nisbatan himoyani ta’minlash ehtimoliy majburiyatini anglamagani yoki uni o‘zboshimchalik bilan rad etganini yetarlicha ishonchli isbotlay olmagan.

Shuningdek, Federal konstitutsiyaviy sud ixtisoslashgan sudning quyidagi talqiniga e’tiroz bildirmagani ko‘rsatilgan: tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi qonun va tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha nizom qoidalari uchinchi shaxslar manfaatini himoya qiluvchi ta’sirga ega emas, asosiy huquqlarni himoya qilish majburiyatidan esa mudofaa tovarlarini eksport qilish ruxsatnomalarini bekor qilishga to‘g‘ridan to‘g‘ri huquq kelib chiqmaydi.

Falastinlik Gessen federal yerida Germaniyaning mudofaa korxonalaridan biriga qarshi da’vo kiritgan: mazkur korxona Federal iqtisod va eksport nazorati idorasi ruxsatiga muvofiq Isroilga tanklar uchun ehtiyot qismlarni eksport qilgan edi. Ammo bu da’vo qanoatlantirilmagan.

Dpa agentligi xabar berishicha, Gessen ma’muriy sudi 2025 yil sentabrida Frankfurt-Mayn ma’muriy sudining shoshilinch qaroridan keyin berilgan falastinlikning shikoyatini jarayonni boshlash uchun shartlar yo‘qligiga tayanib rad etgan.

Avval ham Germaniyaning Isroilga mudofaa mahsulotlari eksport qilishi atrofida bahslar kelib chiqqan. 2023 yil oktyabrda Yevroittifoq va AQSh tomonidan terroristik tashkilot deb tan olingan HAMAS Isroilga hujum qilganidan keyin Germaniya bunday eksport hajmini sezilarli oshirgan va Isroil davlati bilan hamjihatlikni namoyish etish uchun tegishli buyurtmalarni ustuvor tarzda ko‘rib chiqqan.

Dpa hisob-kitobicha, o‘sha paytdagi Germaniya kansleri Olaf Shols hukumati 2025 yil 6 may kuni hokimiyatdan ketguniga qadar Isroilga 0,5 mlrd yevro qiymatida qurol eksport qilishga ruxsat bergan. Shu bilan birga, Germaniya sudlariga bunday eksport ruxsatlariga qarshi bir qator shikoyatlar kelib tushgan.

2025 yil yozida Germaniya kansleri Fridrix Mers hukumati Isroilning G‘azo sektorida tobora tajovuzkor harakatlari va Falastin hududlaridagi og‘ir gumanitar ahvol fonida, G‘azodagi urushda ishlatilishi mumkin bo‘lgan qurollarni Isroilga eksport qilishga ruxsat bermaslikka qaror qilgan. Keyinchalik bu qisman embargo bekor qilingan. 2025 yil 10 oktyabrda G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirgan.

Yaqin Sharqdagi vaziyat 2023 yil 7 oktyabrda keskin yomonlashdi. HAMAS Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Jangchilar Isroilga ommaviy raketa zarbalari berdi, uning hududiga kirib borib taxminan 1200 kishini o‘ldirdi. Ular, shuningdek, qariyb 250 nafar garovga olinganlarni tutib, G‘azo sektoriga olib ketgan. Garovdagilarning bir qismi almashtirilgan yoki ozod qilingan, bir qismi esa halok bo‘lgan.

Isroil javoban HAMASga qarshi urush e’lon qildi. G‘azo sektoridagi quruqlik operatsiyasi va bombardimonlar natijasida 71 000 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan. 2025 yil oktyabrda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi boshlanganidan keyin ham 450 nafardan ortiq kishi o‘ldirilgan. Topilgan jasadlar orasida qurbonlarning 90 foizidan ziyodining ismi-sharifi va shaxsi aniqlangan. 

2026 yil 29 yanvarda TSAHAL ilk bor G‘azodagi urush davomida taxminan 70 000 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Isroil harbiylari aytishicha, shu soning taxminan 25 000 nafari HAMAS jangchilari bo‘lgan. Bundan tashqari, ularning ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilning ilk oylarigacha G‘azodan jangchilar uchirgan raketalarning taxminan 13 foizida texnik nosozlik bo‘lgan va ular sektor hududiga tushgan, bu esa ko‘plab falastinliklarning halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid