Jahon | 14:18 / 13.02.2026
1321
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Oliy sudi FBK yuridik shaxsining “terroristik” maqomini tasdiqladi

RF Oliy sudi Anti-Corruption Foundation - AQShdagi FBKning yuridik shaxsi terroristik tashkilot deb tan olinishi va Rossiyada taqiqlanishi haqidagi qarorni kuchda qoldirdi. Yig‘ilish yopiq tarzda bo‘lib o‘tdi.

Foto: Mikhail Tereshchenko/dpa/TASS/picture alliance

RF Oliy sudi korrupsiyaga qarshi kurash fondi (FBK)ning AQShdagi yuridik shaxsi hisoblangan Anti-Corruption Foundation, Inc. (ACF) tashkilotini Rossiyada terroristik deb tan olish va faoliyatini taqiqlash haqidagi qarorni kuchda qoldirdi. Bu haqda payshanba, 12 fevral kuni “Interfaks” agentligi xabar berdi. Sudya qarorini agentlik muxbirlari quyidagicha keltirdi: “Qaror o‘zgarishsiz qoldirilsin, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasin”. Yig‘ilish eshituvchilar uchun yopiq tarzda o‘tgan.

Shu kuni, 12 fevralda, RF Oliy sudining uch nafar sudyasi yopiq majlisda FBKning Amerikadagi yuridik shaxsiga terroristik tashkilot maqomini berish haqidagi qarorni kuchda qoldirganini X ijtimoiy tarmog‘ida FBKning yuridik bo‘limi rahbari Vyacheslav Gimadi ham ma’lum qildi.

2025 yil noyabrida RF Oliy sudi RF Bosh prokuraturasining ACF'ni terroristik tashkilot deb tan olish va uni Rossiyada taqiqlash haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirgan edi. O‘shanda Rossiya Bosh prokuraturasi o‘z talabini “Amerika fondining maqsad va harakatlari terrorizmni targ‘ib qilish, oqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, uning manfaatlari yo‘lida ekstremistik va terroristik yo‘nalishdagi jinoyatlarni tashkil etish, tayyorlash va sodir etish amalga oshiriladi”, degan da’vo bilan asoslagan.

Anti-Corruption Foundation Inc. yuridik shaxsi 2022 yil yozida tashkil etilgan — Rossiya sudi FBKni “ekstremistik” tashkilot deb tan olib, uning faoliyatini Rossiyada taqiqlaganidan keyin. 2022 yil dekabrida Anti-Corruption Foundation tashkiloti RF Adliya vazirligi tomonidan “chet el agentlari” reyestriga kiritilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid