O‘zbekiston | 15:35 / 13.02.2026
1722
2 daqiqa o‘qiladi

“Yosh tadbirkorlar” chempionati yo‘lga qo‘yiladi

2026 yildan har yili yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Chempionat natijalari bo‘yicha g‘olib loyihalarga investitsiya ajratish, brendga aylantirish uchun ekspert xarajatlarini qoplash va davlat mukofotlariga tavsiya etish kabi mexanizmlar belgilangan.

Foto: Kun.uz

Chempionat doirasida 100 tagacha biznes va startap loyihalarning har biriga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hamda Yoshlar ventures venchur jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, startap va biznes loyihalarni brendga aylantirish maqsadida moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlarni jalb qilish xarajatlari ham qoplab beriladi. Bu xarajatlar BHMning 100 baravarigacha miqdorda Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida to‘lab berilishi belgilangan.

Qarorda yana bir muhim mexanizm sifatida, Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi kengashi chempionat g‘oliblarini davlat mukofotlari, shuningdek “Faol tadbirkor” va “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonlariga tavsiya etish uchun vakolatli organlarga taklif kiritishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 apreldan “Raqamli startaplar” dasturida ishtirok etuvchi startap loyihalarga IT-park rezidenti maqomi berilishi va ularga qonunchilikda belgilangan eksportning minimal ko‘rsatkichlari talabisiz tegishli imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishga ruxsat berilishi qayd etilgan.

Shuningdek, 2026 yildan boshlab har yili “Startap ekspo” ko‘rgazmasini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid