Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polsha fuqarolarini Rossiyani tark etishga chaqirdi
Polsha TIV Rossiyada diplomatik xodimlar soni qisqargani sabab polyak fuqarolariga konsullik yordami ko‘rsatish imkoni cheklanishi mumkinligini ogohlantirdi. RFda bo‘lib turgan polyaklarga mamlakatni tark etish tavsiya qilindi.
Foto: picture-alliance/RIA Novosti/A. Stenin
Polsha Tashqi ishlar vazirligi Ukrainada davom etayotgan urush, shuningdek RF Polshani rasman “do‘st bo‘lmagan” davlat deb e’lon qilgani munosabati bilan bu mamlakat fuqarolariga Rossiyaga har qanday safarlardan tiyilishni tavsiya qildi. Dushanba kuni, 16 fevralda tashqi siyosat idorasining saytida e’lon qilingan rasmiy bayonotda TIV Rossiyada bo‘lib turgan polyak fuqarolariga ham “shaxsiy, oilaviy yoki kasbiy holatlar ulardan mamlakatda qolishni talab qiladigan holatlardan tashqari, mavjud tijoriy va xususiy vositalar orqali Rossiya hududini tark etish”ni maslahat berdi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Rossiyadagi polyak fuqarolariga konsullik yordami ko‘rsatish imkoniyatlari borgan sari cheklanib bormoqda. Bu Rossiya hokimiyatining Sankt-Peterburg va Kaliningraddagi Polsha bosh konsulliklarini yopish haqidagi qarorlari bilan bog‘liq bo‘lib, natijada diplomatik va konsullik xodimlari soni qisqargan.
“Xavfsizlik vaziyati keskin yomonlashsa, chegaralar yopilsa yoki boshqa kutilmagan holatlar yuz bersa, evakuatsiya ancha qiyinlashishi yoki hatto umuman mumkin bo‘lmasligi mumkin”, — deb ogohlantirdi vazirlik.
Varshava va Moskva 2024 yil kuzidan boshlab konsullik muassasalarini o‘zaro yopishni boshlagan. Ulardan so‘nggilari — Gdanskdagi Rossiya konsulligi va Irkutskdagi Polsha konsulligi o‘tgan yil oxirida yopilgan. Natijada har ikki davlatda ham bosh konsulliklar qolmagan, faqat poytaxtlardagi tegishli elchixonalar ishlamoqda.
Ikki tomonlama munosabatlarning keskin yomonlashishiga Polshada Ukraina so‘rovi bilan Rossiya arxeologi Aleksandr Butyaginning qo‘lga olinishi ham ta’sir ko‘rsatgan. U Rossiya Ukrainaning Qrim yarimorolini qo‘shib olganidan keyin Qrimda olib borgan qazishmalari bilan bog‘liq holda ushlangan.
Mavzuga oid
11:54
15 davlat Navalniyning o‘limini tergov qilishni talab etmoqda
10:41
FT: Rossiya Yevropada diversiyalar uchun sobiq “vagnerchilar”ni jalb qildi
08:30
Rossiyaning Odessaga tungi zarbalari: ko‘p qavatli uyga zarar yetdi
14:56 / 16.02.2026