Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaning Odessaga tungi zarbalari: ko‘p qavatli uyga zarar yetdi
Rossiya armiyasi Ukraina hududlariga dronlar bilan ommaviy hujum qildi. OAV Odessa, Dnipro va Sumi viloyatida portlashlar haqida xabar bermoqda. Odessada infratuzilma obekti va fuqarolik binolariga shikast yetgan, ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqqan.
Foto: REUTERS
Rossiya qo‘shinlari seshanbaga o‘tar kechasi, 17 fevral kuni Odessaga uchuvchisiz apparatlar (dronlar) bilan ommaviy hujum qildi. Infratuzilma obekti va fuqarolik binolari shikastlangani haqida Odessa shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak ma’lum qildi.
“Tumanlardan birida turar joy binosining yuqori qavatlarida yong‘in chiqqan. Boshqa tumanda esa do‘kon va avtotexnik xizmat ko‘rsatish stansiyasi shikastlangan. Ikki nafar jabrlanuvchi borligi ma’lum”, — deya Telegram’da yozdi Lisak.
“Strana.ua” nashri ma’lumotiga ko‘ra, shaharning ayrim qismlarida elektr va suv ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.
“Suspіlne” telekanali ham Dnipro shahrida va Sumi viloyatidagi Axtirka shahrida portlashlar bo‘lgani haqida xabar bergan.
Rossiya Mudofaa vazirligi 16 fevral kuni soat 20:00 dan 00:00 gacha bo‘lgan vaqt ichida RF hududlari ustida 76 ta Ukraina droni yo‘q qilinganini bildirdi.
Krasnodar o‘lkasining Severskiy tumanida uchuvchisiz uchish apparati parchalari qulashi oqibatida ikki kishi jabrlangan, to‘rtta xususiy uy shikastlangan, ulardan ikkitasida yong‘in boshlanganini mahalliy tezkor shtab xabar qildi.
“Ukrainskaya pravda” nashri mahalliy aholiga tayanib yozishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining dronlari Ilskiy neftni qayta ishlash zavodini nishonga olgan, zavod hududida kuchli yong‘in chiqqan.
17 fevral kuni tungi paytda Qozon, Nijnekamsk, Ulyanovsk, Penza, Tambov va Sochi aeroportlari o‘z ishini vaqtincha to‘xtatgan.