Jahon | 09:12
1160
4 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Grinch tankerini jarima to‘langanidan keyin qo‘yib yubordi

Fransiya hokimiyati RFning “soya flot”iga tegishli Grinch tankerini “bir necha million yevro” miqdoridagi jarima to‘langanidan keyin ozod qildi, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro. Bundan oldin tanker qo‘yib yuborilishini Emmanuel Makron ham aytgan edi.

Foto: Gilles Bader/MAXPPP

Fransiya hokimiyati ushlab turilgan neft tankeri Grinch’ni kemaning egasi bo‘lgan kompaniya “bir necha million yevro” miqdoridagi jarimani to‘laganidan so‘ng ozod qildi. Bu haqda seshanba, 17 fevral kuni Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro ma’lum qildi. Bundan oldin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Volodimir Zelenskiy bilan suhbatda, Fransiya qonunchiligi talablari sababli RFning “soya floti”ga mansub ushlab turilgan tanker qo‘yib yuborilishini bildirgan edi.

«Yevropa sanksiyalarini chetlab o‘tishning ham o‘z narxi bor. Rossiya bundan buyon sohillarimiz yonidagi “soya floti” orqali urushini jazosiz moliyalashtira olmaydi. Neft tankeri Grinch bir necha million yevro to‘langani va Fos-syur-Merda uch hafta davom etgan qimmatga tushgan harakatsiz holatda ushlab turilganidan keyin Fransiya suvlarini tark etadi. Davom etamiz», — deb yozdi Barro.

Grinch neft tankeri 22 yanvar kuni O‘rta Yer dengizida to‘xtatib qolinganidan keyin, Emmanuel Makron operatsiya vaqtida Fransiyani bir nechta ittifoqchilar, jumladan Buyuk Britaniya qo‘llab-quvvatlaganini aytgan. U shuningdek, kema xalqaro sanksiyalar ostida ekanini va, taxminlarga ko‘ra, soxta bayroq ostida yurganini qayd etgan.

Oradan olti kun o‘tib, Marsel prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, Fransiya hokimiyati Rossiyaning “soya floti”ga daxldorlikda gumon qilingan ushbu tankerga nisbatan ma’muriy hibs joriy etgan. Tanker kapitani — 58 yoshli Hindiston fuqarosi avval Fransiya hokimiyati tomonidan qo‘lga olingan, biroq bir muddatdan so‘ng ozod qilinib, kemaga qaytgan.

Fransiyaning BFMTV telekanali xabar qilishicha, Grinch tankeri Murmanskdan Komor orollarining soxta bayrog‘i ostida yo‘l olgan. Ushlanganidan keyin kema Marsel–Fos portiga yo‘naltirilgan. BFMTV yana ta’kidlashicha, Grinch Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan hamda YeI va AQSh sanksiyalari ostida, ammo ularning “qora ro‘yxati”da boshqa nomlar bilan qayd etilgan. Kema asosan neft mahsulotlarini Xitoy va Hindistonga eksport qilish bilan shug‘ullanadi.

13–15 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MSC) doirasida Rossiyaning “soya floti” kemalarini kuch ishlatib musodara qilish imkoniyati muhokama qilindi. Bloomberg agentligiga ko‘ra, bu bahsda Buyuk Britaniya, Boltiqbo‘yi va Shimoliy Yevropa davlatlari vakillari ishtirok etgan.

Estoniya mudofaa vaziri Xanno Pevkur Bloomberg’ga bergan intervyusida yakuniy qaror uchun qo‘shimcha muhokamalar zarurligini aytgan. Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna esa ayrim NATO a’zolari “keskinlashuvdan qo‘rqish” sabab ehtiyotkorlikni saqlab qolayotganini tushuntirgan.

RFning “soya floti” g‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun qalbaki bayroqlardan foydalanadigan taxminan 1500 ta tankerdan iborat. Ulardan 600 dan ortig‘i allaqachon YeI, Buyuk Britaniya va AQSh cheklovlari ostiga tushgan.

Buyuk Britaniya 7 yanvar kuni AQShga Karib dengizidan chiqqanidan so‘ng quvib borish natijasida Rossiya bayrog‘i ostida yurgan Marinera tankerini ushlab olishda yordam bergan. Fransiya harbiy-dengiz kuchlari dengizchilari 22 yanvar kuni Rossiyadan O‘rta Yer dengiziga yo‘l olgan neft tankeriga chiqqan. Bloomberg tahlilchilariga ko‘ra, muvofiqlashtirilgan harakatlar Rossiya neftini Osiyoga eksport qilishdagi “oson yo‘l”ni to‘sib qo‘yishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid