O‘zbekiston | 15:59
466
3 daqiqa o‘qiladi

Kapital bozorida maxsus rejim ishtirokchilari uchun yangi qoidalar belgilanmoqda

Kapital bozori sohasida “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimiga oid nizomni takomillashtirish maqsadida qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar taklif etildi. Ular maxsus rejim ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish, faoliyat yuritish va nazorat tartiblarini aniqlashtirishga qaratilgan.

Loyihaga ko‘ra, maxsus rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun murojaat qiluvchi ariza beruvchi tushunchasi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Unga muvofiq, O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar bilan bir qatorda tan olingan chet el yurisdiksiyalarida ro‘yxatdan o‘tgan norezident yuridik shaxslar ham murojaat qilishi mumkin.

Hujjatda vakolatli organ tomonidan qo‘llanadigan “asoslantirilgan fikr” tushunchasini joriy etish taklif etilmoqda. U qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari faoliyati ustidan nazorat jarayonida olingan ma’lumotlar va boshqa ishonchli manbalarga asoslangan professional bahoni anglatadi.

Yangi normalarga ko‘ra, agar nizomda alohida qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, maxsus rejim doirasida qimmatli qog‘ozlar bozoriga oid amaldagi qonunchilik normalari qo‘llanadi.

Loyihada “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” va “Toshkent” respublika fond birjasi maxsus rejim ishtirokchisi sifatida alohida ro‘yxatdan o‘tmasdan ham ushbu rejim doirasida operatsiyalarni amalga oshirishi mumkinligi belgilanmoqda. Shu bilan birga, ularga maxsus rejim ishtirokchilari uchun belgilangan ayrim cheklovlar va majburiyatlar tatbiq etilmasligi nazarda tutilgan.

Shuningdek, chet el investitsiya vositachilari va nominal saqlovchilari uchun imkoniyatlar kengaytirilib, ularga O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozorida faoliyat yuritish, depo va bank hisobvaraqlarini ochish, ayrim operatsiyalarni litsenziyasiz va filial tashkil etmasdan amalga oshirishga ruxsat berish taklif etilmoqda.

Loyihada korporativ obligatsiyalarni chet el valutasida chiqarish va hisob-kitob qilishga ruxsat berish, qimmatli qog‘ozlarni benefitsiar mulkdor o‘zgarmagan holda “to‘lovsiz yetkazib berish” tartibida o‘tkazish soliq majburiyatini keltirib chiqarmasligi kabi qoidalar ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, maxsus rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishni rad etish va ushbu maqomdan mahrum qilish asoslari kengaytirilib, noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etish, qonunbuzilishlar, hisobot taqdim etmaslik yoki vakolatli organning asoslantirilgan fikri mavjud bo‘lishi kabi holatlar qamrab olinmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid