Jahon | 09:40
689
3 daqiqa o‘qiladi

YeIda Shein riteyleriga nisbatan tergov boshlandi

Yevrokomissiya onlayn-riteyler Shein’ga qarshi tekshiruvni boshladi: sabab - qurol va bolalarga o‘xshash qo‘g‘irchoqlar sotilgani. Agar raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun (DSA) buzilgani isbotlansa, platforma jarimaga tortilishi yoki bloklanishi mumkin.

Foto: AP

Yevropa komissiyasi Xitoyning onlayn-riteyleri Shein’ga nisbatan raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun (Digital Services Act, DSA) doirasida rasmiy tergov boshlagan. Bu haqda seshanba, 17 fevral kuni dpa agentligi xabar qildi. Tergovga sabab — platformada foydalanuvchilar uchun mavjud tovarlar orasida bolalarga o‘xshash tashqi ko‘rinishga ega nomaqbul qo‘g‘irchoqlar, maxsus ruxsat talab qiladigan qurollar hamda dorivor preparatlar ham uchragani.

Shein kompaniyasi tergov doirasida Yevrokomissiya bilan hamkorlik qilish niyatida ekanini bildirdi. Shuningdek, ayniqsa yosh cheklovi qo‘yilgan tovarlarga doir xavfsizlik choralarini allaqachon kuchaytirganini ta’kidladi.

Taqiqlangan tovarlar sotilishiga qo‘shimcha ravishda, Yevrokomissiya onlayn-riteylerning ball va rag‘batlantirish tizimini ham o‘rganadi. Taxminga ko‘ra, bunday tizim mijozlarni yanada ko‘proq iste’mol qilishga undashi mumkin.

Tergov Shein tovarlarni algoritmlar orqali tavsiya qiladigan tavsiyalar tizimini ham qamrab oladi. Yevropa qonunchiligi yirik platformalarni algoritmlarining asosiy parametrlarini ochiqlashga majbur qiladi. Shuningdek, foydalanuvchilar kamida bitta — shaxsiy ma’lumotlarga asoslanmaydigan tavsiyalar tizimiga oson kirish imkoniga ega bo‘lishi shart.

Tergov muddatlari aniq belgilanmagan: raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun tekshiruv uchun aniq vaqt chegaralarini o‘rnatmaydi. Shu bilan birga, DSA doirasidagi jarayonning boshlanishi Shein qoidalarni buzgani bo‘yicha dalillar yetarli ekanini anglatmaydi. Agar Yevrokomissiya qonunbuzarlikni aniqlasa, jarima solishi mumkin. Shuningdek, Shein muayyan majburiyatlarni o‘z zimmasiga olib, tergovni to‘xtatish varianti ham ehtimoldan xoli emas. Platformani bloklash esa eng oxirgi chora sifatida qaraladi va kam ehtimolli deb hisoblanadi.

Germaniya Chakana savdo uyushmasi (HDE) Yevrokomissiya tashabbusini «ruhlantiruvchi signal» deb atadi. Dpa HDE rahbari Aleksandr fon Pren so‘zlarini keltiradi: «Gaplar vaqti tugashi kerak — endi harakatlar zarur. Uzoq Sharqdan kelgan savdogarlar va platformalar yillar davomida qoidalarimizni tizimli ravishda poymol qilayotganini tomosha qilib o‘tirib bo‘lmaydi». HDE ma’lumotlariga ko‘ra, har kuni Germaniyaga Xitoy onlayn-riteylerlari — Shein va Temu'dan taxminan 400 000 ta posilka jo‘natiladi.

Bundan oldin Shein platformasini Fransiyada bloklashga urinishgan, ammo Parij sudi bunday qadamni tadbirkorlik erkinligini asossiz cheklash deb topgan. 2025 yil noyabrda Shein Fransiyada ilk doimiy do‘konini ochgan. Do‘kon ochilishi norozilik namoyishlari bilan kechgan: namoyishchilar “moda”, kompaniyadagi mehnat sharoitlari va uning ekologik siyosatiga qarshi chiqqan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid