Jahon | 19:36 / 18.02.2026
794
6 daqiqa o‘qiladi

Zalujniy Zelenskiy bilan o‘zaro mojaroni esladi

Sobiq bosh qo‘mondon qarshi hujum muvaffaqiyatsiz chiqishida Ukraina prezidentini ayblagan va prezident ofisi tintuv o‘tkazish orqali uni qo‘rqitishga uringani haqida gapirgan.

James Manning / PA Images / Getty Images

Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi, Ukraina qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Associated Press nashriga intervyu berib, unda prezident Volodimir Zelenskiy bilan o‘rtasida ro‘y bergan kelishmovchilik haqida aytib berdi. Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, u va Zelenskiy o‘rtasidagi dastlabki bahslar Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan kunlardayoq yuzaga kelgan. 2022 yil kuzida Ukraina xavfsizlik xizmatining o‘nlab xodimlari tintuv o‘tkazish uchun Zalujniyning kabinetiga kelganida esa bu ziddiyat kritik nuqtaga yetgan.

Zalujniy bu 2022 yil sentabrida, Ukraina qurolli kuchlari Mamlakat shimoli-sharqida qarshi hujum uyushtirgan vaqtda sodir bo‘lganini aytadi. O‘shanda uning Kiyevdagi kabinetiga Ukraina xavfsizlik xizmatining o‘nlab agentlari kirib kelgan, bu vaqtda uning oldida britaniyalik zobitlar ham bo‘lgan. UXX xodimlari aynan nimani izlashayotganini izohlamagan, ammo Zalujniy ularga hujjatlar va kompyuterlarni tekshirishga ruxsat bermagan. Sobiq bosh qo‘mondonning fikricha, bu tintuv qo‘rqitishga qaratilgan harakat edi.

Zalujniy UXX xodimlari oldida turib Zelenskiy ofisining o‘sha vaqtdagi rahbari Andrey Yermakka qo‘ng‘iroq qilgan va «bu hujumni qaytarishi, chunki qanday jang qilishni bilishi»ni aytadi. Zalujniy shuningdek buning uchun harbiylarni jalb etishga tayyorligini bildirgan.

Bundan tashqari, u UXXning o‘sha vaqtdagi rahbari Vasiliy Malyukka ham qo‘ng‘iroq qilgan. Malyuk esa bundan xabari yo‘qligini bildirgan. Keyinroq Zalujniy UXX bundan ikki kun oldin Kiyev sudidan ofis joylashgan manzil bo‘yicha tintuv o‘tkazish uchun order so‘raganini aniqlaydi. Orderda bu manzilda jinoiy guruh tomonidan boshqariladigan striptiz-klub joylashgani va tintuv shu klubda o‘tkazilishi ko‘rsatilgandi. Lekin bu muassasa Rossiya bosqini boshlanishidan oldinroq yopilib ketgandi, deya qayd etadi AP. Zalujniyning fikricha, UXXdagilar buni bilmasligi mumkin emasdi.

Zelenskiyning ofisi va UXX izoh berishdan bosh tortdi.

AP uchun bergan intervyusida Zalujniy NATOdagi hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan va 2023 yil yozida o‘tkazilgan qarshi hujum rejasi Zelenskiy va boshqa rasmiylar zarur resurslarni ajratmagani tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida ham aytib bergan.

Sobiq bosh qo‘mondonning ma’lum qilishicha, dastlabki reja Zaporijjya oblastini ozod qilish uchun yetarli kuchlarni «yagona mushtda» to‘plash, keyin esa Azov dengiziga chiqishni nazarda tutardi. Bu Rossiyaning anneksiya qilingan Qrimga ta’minot yetkazish yo‘lini kesib qo‘yish imkonini berardi. Zalujniyning fikriga ko‘ra, buning uchun keng ko‘lamli, konsentratsiyalashgan kuchlarni to‘plash hamda kutilmaganlik omilidan foydalanish kerak bo‘lardi.

Zalujniyning aytishicha, buning o‘rniga kuchlar keng hududlar bo‘ylab yoyib yuborilgan, bu esa ularning hujum qilish kuchini zaiflashtirgan.

2023 yil dekabriga kelib Zelenskiy Ukraina qarshi hujumda istalgan natijalarga erisha olmaganini tan oladi. U ittifoqchilar Kiyevga zarur qurollarni yetkazib bermagani, dushmanning son jihatdan ustunligi esa Ukraina qurolli kuchlariga tezkor yurish qilishga imkon bermaganini aytadi.

AP uchun intervyuda Zalujniy frontda bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib borayotgani, ammo Zelenskiy tomonidan 2024 yil fevralida iste’foga chiqarilganidan buyon harbiy qarorlar qabul qilishda ishtirok etmayotganini aytadi. Sobiq bosh qo‘mondonning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan vaqt ichida u prezident bilan ikki marta «do‘stona» ruhda suhbat o‘tkazgan. Zalujniy siyosiy ambitsiyalari haqida gapirishdan bosh tortgan. «Urush yakunlanmas ekan yoki harbiy holat bekor qilinmaskan, men buni muhokama qilmayman», – deydi u. 

Associated Press materialida keltirilishicha, Zalujniyga saylov kampaniyasini ishlab chiqish taklifi bilan konsultantlar hamda partiya funksionerlari murojaat qilishgan. Xususan, 2025 yil bahorida unga «ancha taniqli» bo‘lgan amerikalik siyosiy konsultant ham aloqaga chiqqan. AP manbasiga ko‘ra, gap Donald Trampning saylovoldi shtabi sobiq boshlig‘i Pol Manafort haqida ketmoqda. «Men unga e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdim, ammo uning xizmatlariga ehtiyoj sezmayotganimni aytdim», – degan unga Zalujniy.

Bungacha bir necha marta Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkaziladigan bo‘lsa, Valeriy Zalujniy Zelenskiyning asosiy raqibi bo‘lishi haqida taxminlar bildirilgan. Natijalari 2026 yil yanvarida e’lon qilingan so‘rovnomalarga ko‘ra, so‘ralganlarning 23 foizi Zalujniy uchun ovoz berishga tayyorligini bildirgan, Zelenskiyning ko‘rsatkichi kamroq – 20 foiz.

2026 yil fevral oyi boshida Financial Times gazetasi manbaga tayanib, Zelenskiy 24 fevral kuni – katta urush boshlanganining to‘rt yilligida shu yil bahorida saylovlar o‘tkazilishi e’lon qilishi haqida xabar bergandi. Zelenskiy esa bunga javoban «bu haqda ilk bor eshitib turgani»ni aytdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid