Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Parijdagi so‘l partiya ofisi portlash tahdididan so‘ng evakuatsiya qilindi
Lionda o‘ng ekstremist o‘ldirilganidan keyin Parijdagi so‘l qanotdagi “Bosh egmagan Fransiya” partiyasining bosh ofisi evakuatsiya qilindi. Ushbu qotillik uchun mas’uliyat so‘l radikallar zimmasiga yuklanmoqda. Hodisa saylovlarga bir oy qolganda siyosiy vaziyatni keskinlashtirdi.
Foto: Thomas Padilla/AP
O‘ta o‘ng qarashli faolning zo‘ravonlik oqibatida o‘limi ortidan — bu hodisa uchun mas’uliyat so‘l ekstremistlar zimmasiga yuklanayotgan bir paytda — Parijda Jan-Lyuk Melanshon rahbarlik qiladigan “Bosh egmagan Fransiya” (LFI) so‘l partiyasining markaziy ofisi evakuatsiya qilindi. “Bosh egmagan Fransiya” partiyasining milliy shtab-kvartirasi portlash tahdidi sabab evakuatsiya qilindi”, — dedi chorshanba, 18 fevral kuni partiya koordinatori Manyuel Bompar.
Shuningdek, bayonotda xodimlar va faollar xavfsiz joyda ekani, binolarni esa itlar bilan politsiya tekshirib chiqayotgani aytilgan.
Shu orada Fransiya hukumati so‘l radikallar bilan aloqalarda gumon qilingan LFI deputati Rafael Arnoni Milliy assambleyadagi fraksiyadan vaqtincha chiqarishni talab qildi. “LFI partiyasi o‘z safi ichida tartib o‘rnatishi kerak”, — dedi hukumat vakili Mod Brejon Franceinfo radiosi efirida.
Avvalgi kuni kechqurun Liondagi o‘ng ekstremistning o‘limi bo‘yicha ish doirasida Arnoning parlament yordamchisi qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi. Le Monde gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, jami 11 nafar gumonlanuvchi ushlangan, ularning ayrimlari radikal qarashlari bilan tanilgan.
Liondagi bu hodisa Fransiyada munitsipal saylovlarga bir oy ham qolmagan bir paytda siyosiy vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Niqob taqqan yoshlar guruhi 12 fevral kuni 23 yoshli o‘ng ekstremist Kventin Derankni shafqatsizlarcha kaltaklagan. U Lion universitetlaridan birida LFI’dan bo‘lgan franko-falastinlik yevrodeputat Rima Assan tashkil etgan tadbirga qarshi o‘tkazilgan namoyishlarda qatnashgan.
Ikki kun o‘tgach, faol bosh miya jarohati oqibatida shifoxonada vafot etdi. Prokuratura ehtiyotsizlik orqali odam o‘ldirish gumoni bo‘yicha tergov olib bormoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, kamida olti kishi uni yerga yiqitib, tepkilaganidan keyin u bosh qismiga o‘limga olib kelgan jarohat olgan.
Hodisadan keyin o‘ng va o‘ng-populist siyosatchilar LFI’ni zo‘ravonlik muhitini yaratishda aybladi. O‘z navbatida, so‘l populistlar bu ish siyosiy maqsadlarga erishish uchun vosita sifatida ishlatilyapti, deb bayonot bermoqda. Kuzatuvchilarning fikricha, natijada mo‘’tadil so‘l kuchlar LFI bilan hamkorlik qilishdan voz kechishi mumkin, bu esa o‘ng-populist “Milliy birlashma” (RN) partiyasining imkoniyatlarini yaxshilaydi.
Mavzuga oid
09:58 / 12.02.2026
Andijonda ko‘p qavatli uyda gaz portladi
11:16 / 31.01.2026
Buxoroda ko‘p kvartirali uy portladi
10:57 / 08.01.2026
Parij va Amsterdamda qor sabab yuzlab aviareyslar bekor qilindi
12:07 / 06.01.2026