Jahon | 08:29 / 19.02.2026
2099
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Jyenevadagi muzokaralar natijalari yetarli emas

Ukraina prezidentining aytishicha, harbiylar o‘rtasidagi aloqalar jiddiy va mazmunli bo‘lgan, ammo siyosiy masalalar hamda ikki mamlakat rahbarlarining zarur uchrashuviga oid jihatlar «hali yetarlicha ishlab chiqilmagan».

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi bilan Jyenevada bo‘lib o‘tgan ikki kunlik muzokaralar natijalari yetarli emas. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy chorshanba kuni, 18 fevralda videomurojaatida ma’lum qildi.

«Ukraina natijaga qiziqqan. Bugungi holatga ko‘ra, natija — yetarli, deb ayta olmaymiz», — dedi Ukraina rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar o‘rtasidagi aloqalar jiddiy va mazmunli bo‘lgan. Shu bilan birga, ehtimoliy murosalarga taalluqli siyosiy masalalar va ikki mamlakat rahbarlarining zarur uchrashuvi bilan bog‘liq jihatlar «hali yetarlicha ishlab chiqilmagan», deb hisoblaydi Zelenskiy. «Keyingi uchrashuvni kutyapmiz, uni yana fevral oyining o‘zida o‘tkazish to‘g‘ri bo‘lar edi», — deya prezident so‘zlaridan «Interfaks» agentligi iqtibos keltirdi.

Volodimir Zelenskiy, shuningdek, delegatsiya oldiga gumanitar yo‘nalishni muhokama qilish vazifasini qo‘yganini bildirdi. «Asirlar almashinuvi kerak, fuqarolarni ozod qilish kerak», — dedi u va Ukraina Qurolli kuchlarining sa’y-harakatlari ham gumanitar natijalarni, ham Kiyevning kuchli diplomatik pozitsiyalarini ta’minlashini qo‘shimcha qildi.

Ukraina davlat rahbari muzokaralarda Yevropa mamlakatlari — Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Italiya va qabul qiluvchi tomon sifatida Shveytsariya vakillari ishtirok etganini muhim, deb atadi. «Ukrainada aynan biz har doim Yevropa jarayonning ishtirokchisi bo‘lishi kerak, degan pozitsiyani ilgari surib kelamiz», — dedi Zelenskiy.

Jyenevadagi muzokaralar 17 va 18 fevral kunlari bo‘lib o‘tdi. RF delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy maslahatlashuvlarni og‘ir, ammo ishchan deb ta’rifladi. «Bilasiz, muzokaralar ikki kun davom etdi: kecha turli formatlarda juda uzoq bo‘ldi», — dedi u. Medinskiy keyingi raund yaqin vaqt ichida bo‘lib o‘tishini aytdi, ammo sanani aniqlashtirmadi.

O‘z navbatida, Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi va Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov ayrim masalalarga oydinlik kiritilganini aytdi, biroq «bu bosqichda tafsilotlarni oshkor etib bo‘lmaydi», deb qayd etdi. U, shuningdek, Rossiya tomoni bilan muhokamalarni «intensiv va mazmunli» deb atadi.

Muzokaralarning ikkinchi kunida delegatsiyalar uchrashuvi bor-yo‘g‘i ikki soat davom etgan. Ukrainadagi urush bo‘yicha 17 fevraldagi tinchlik muzokaralarining siyosiy qismi «to‘xtab qolgan», deb xabar qildi Axios portali jurnalisti Barak Ravid ikki manbaga tayanib.

AQSh vositachiligida Abu-Dabida o‘tgan muzokaralarning avvalgi ikki raundi ham katta burilish olib kelmagan.

Avvalroq Rossiya rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiyning uchrashuvi faqat Moskvada bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. Bunga javoban Ukraina rahbari «Moskvaga muzokaralarga kela olmasligi»ni bildirgan, ammo Rossiya va Belarusdan tashqari istalgan mamlakatda Putin bilan uchrashishga tayyor ekanini aytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid