Jahon | 09:02 / 20.02.2026
2519
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus “Tinchlik kengashi” yig‘ilishi uchun vizani ololmadi

AQSh prezidenti Donald Trampning “Tinchlik kengashi”ning inauguratsion yig‘ilishi Vashingtonda bo‘lib o‘tdi. Minsk tomonidan Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rijyenkov ishtirok etishi kerak edi, ammo u viza ololmadi.

Foto: REUTERS/Kevin Lamarque

Belarus delegatsiyasi AQSh prezidenti Donald Trampning 19 fevralda bo‘lib o‘tgan “Tinchlik kengashi” inauguratsion yig‘ilishida qatnashish uchun vizalarni ololmadi. Bu haqda Belarus TIV matbuot xizmati xabar qildi.

“Barcha zarur xabarnomalar Amerika protokol xizmatlariga belgilangan tartibda yuborildi, vizalarni rasmiylashtirish uchun hujjatlar oldindan topshirildi. Biroq, bizning tomondan barcha talab etiladigan tartib-taomillar bajarilganiga qaramasdan, Belarus delegatsiyasiga vizalar berilmadi”, — deyiladi idora bayonotida.

Minsk nomidan tashqi ishlar vaziri Maksim Rijyenkov ishtirok etishi kerak edi.

Tashqi siyosat idorasida eslatilishicha, dastlab yig‘ilishda qatnashish taklifi Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoga yuborilgan.

“Tinchlik kengashi” yig‘ilishi Vashingtonda bo‘lib o‘tdi, unda 47 davlat vakillari ishtirok etdi.

“Tinchlik kengashi” Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, 22 yanvar kuni Davosdagi Butunjahon iqtisodiy forumida rasman ta’sis etilgan. G‘arbning qator davlatlari mazkur organ tashkil etilishiga shubha bilan qaradi, chunki uni BMTga raqobatchi bo‘lishi mumkin deb hisobladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid