O‘zbekiston | 13:31
795
2 daqiqa o‘qiladi

Islomobodda “Bobur bog‘i” barpo etish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston delegatsiyasining Islomobodga tashrifi doirasida Pokiston poytaxtida barpo etilishi rejalashtirilgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bog‘ loyihasi muhokama qilindi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston prezidenti tomonidan Pokiston xalqiga tuhfa sifatida ilgari surilgan.

Foto: “Dunyo” AA

“Dunyo” AA xabar berishicha, 14–17 fevral kunlari O‘zbekiston qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov boshchiligidagi delegatsiya Islomobod shahriga tashrif buyurdi. Safardan maqsad — “Bobur bog‘i”ni barpo etish bilan bog‘liq masalalarni Pokiston tomoni bilan muhokama qilish va tegishli qarorlar loyihasini tayyorlashdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston elchixonasida o‘tkazilgan muhokamalarda elchi Alisher To‘xtayev, Islomobod shahar hokimligi (CDA) rahbariyati, muhandislik va arxitektura sohasi vakillari ishtirok etdi. Tomonlar bog‘ning arxitekturaviy yechimlari, infratuzilmasi hamda loyihani amalga oshirish bosqichlari yuzasidan fikr almashdi.

Qayd etilishicha, mazkur bog‘ O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, madaniy yaqinlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi. U nafaqat dam olish maskani, balki ikki xalqni bog‘lovchi madaniy meros va tarixiy xotira ramzi sifatida barpo etiladi.

Loyihaga muvofiq, “Bobur bog‘i” Islomobod shahrining F-7 sektorida joylashgan 2,5 gektar maydonda bunyod etiladi. Hududda sayr yo‘laklari, favvoralar, yashil hududlar, sport maydonchalari, ko‘ngilochar maskanlar hamda O‘zbekiston milliy taomlari taklif etiladigan choyxona barpo etilishi rejalashtirilgan. Bog‘ markazida Zahiriddin Muhammad Boburning byusti o‘rnatiladi.

Muhokamalar yakunida ishtirokchilar loyiha konsepsiyasini takomillashtirish, me’moriy qiyofada milliy an’analar va zamonaviy uslub uyg‘unligini ta’minlash hamda sifat masalalariga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha takliflar bildirdi. Shuningdek, delegatsiya “Bobur bog‘i” uchun ajratilgan maydonni ko‘zdan kechirib, dala tadqiqotlari o‘tkazdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid