Jahon | 15:05
956
4 daqiqa o‘qiladi

Telegram: xorijiy maxsus xizmatlarda yozishmalarga kirish imkoni yo‘q

Telegram kompaniyasi o‘zining shifrlash tizimiga nisbatan komprometatsiya holatlari aniqlanmaganini bildirdi. Kompaniya shu tariqa Rossiya raqamli taraqqiyot vazirining xorijiy razvedka xizmatlari go‘yoki messenjerdagi xabarlarga kirish imkoniga ega, degan bayonotiga javob qaytardi.

Foto: Dmitriy Feoktistov/TASS

Telegram dasturini ishlab chiqqan kompaniya Rossiya hokimiyatining “xorijiy maxsus xizmatlar ushbu messenjerdagi shifrlash kodlariga kirish imkoniga ega bo‘lgan” degan iddaolarini «uydirma» deb atadi. Kompaniya matbuot xizmati Reuters agentligining so‘roviga javoban, payshanba, 19 fevral kuni e’lon qilingan bayonotda, Rossiyada bu kabi da’volar Telegram’ni shu bahona bilan taqiqlash va rossiyalik foydalanuvchilarni davlat nazoratidagi, ommaviy nazorat hamda senzura uchun yaratilgan xabar almashish platformasi Max’ga majburan o‘tkazish maqsadida aytilayotganini bildirdi.

Bundan bir kun oldin Rossiya Raqamli taraqqiyot, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi rahbari Maksut Shadayev Rossiya hokimiyati go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlardan olingan “to‘g‘ridan to‘g‘ri tasdiqlar”ga ega ekanini aytgan: ularga ko‘ra, xorijiy maxsus xizmatlar Telegram’dagi yozishmalarga kirish imkoniga ega. Shadayevning so‘zlariga ko‘ra, maxsus xizmatlar bu yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan ma’lumotni “Rossiya Qurolli kuchlariga qarshi harbiy harakatlar doirasida” ishlatadi va bu “tizimli ko‘rinish”ga ega. Shu bilan birga, vazirlik rahbari hokimiyat hozircha harbiy harakatlar hududida Telegram ishini cheklashni rejalashtirmayotganini ta’kidlagan.

Telegram ishidagi cheklovlar urushi qo‘llab-quvvatlovchi blogerlar va jamoat arboblari tomonidan keskin tanqidga uchradi. Ularning aytishicha, messenjer Ukrainadagi urushda rossiyalik harbiylar tomonidan tezkor aloqa uchun keng qo‘llanadi. Avvalroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Telegram’ning harbiy harakatlarga ehtimoliy ta’siri haqidagi savolga javoban, frontdagi aloqa messenjerlar orqali ta’minlanadi degan taxminni real deb hisoblamasligini bildirgan. 19 fevral kuni Peskov jurnalistlarga Kremlning Telegram’da hali ham rasmiy kanali borligini va uni yuritishda muammolar yo‘qligini aytdi.

Shu orada 10 fevral kuni Roskomnadzor Telegram ishiga nisbatan keyingi “izchil cheklovlar”ni rejalashtirayotganini ma’lum qildi va servis Rossiya qonunchiligi talablarini buzishda davom etayotganini bildirdi. Keyinchalik Baza Telegram-kanali manbalarga tayanib, 1 apreldan regulyator go‘yoki Telegram’ni Instagram va Facebook kabi “to‘liq bloklash”ni boshlamoqchi ekanini xabar qildi. Javoban Roskomnadzor avval e’lon qilingan ma’lumotdan tashqari qo‘shimcha axborotga ega emasligini bildirdi.

Ekspertlar aytishicha, Telegram allaqachon sekin ishlayapti va bu Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. “Rossiyada Telegram batamom yopib qo‘yilmagan, ammo cheklovlarning turli darajalari bor. Frontdan ziddiyatli signallar kelyapti: kimda u avvalgidek ishlayapti, kimda esa umuman ishlamayapti”, — dedi DW’ga harbiy ekspert Yan Matveyev. Rasman Rossiyada tegishli tizim va uskunalarga ega, himoyalangan aloqa kanallari mavjud bo‘lgan aloqa qo‘shinlari bor. Ammo Matveyev ta’kidlashicha, Rossiya hokimiyati bu sohani isloh qilishga muvaffaq bo‘lmagan: “Rossiya aloqa qo‘shinlari ko‘p jihatdan eskirgan holda qolgan. Islohotlar va yangi kommunikatsiya tizimlariga o‘tish doimiy ravishda korrupsiya sababli izdan chiqqan”.

Amalda Telegram aloqaning asosiy manbaiga aylangan: unda jang vazifalari uchun yopiq chatlar tuziladi, bundan tashqari messenjer frontda boshqaruv va zarbalarni yo‘naltirishning ham muhim vositasi bo‘lib qolmoqda. Buni Z-blogerlar va harbiy muxbirlar ma’lumotlari ham tasdiqlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid