O‘zbekiston | 16:38 / 21.02.2026
1080
2 daqiqa o‘qiladi

FVV organlarida tibbiy va ijtimoiy-psixologik ta’minot xizmati tashkil etiladi

Favqulodda vaziyatlar organlarida tibbiy va ijtimoiy-psixologik ta’minot xizmati faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat O‘zbekiston prezidentining aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlangan.

Foto: FVV

Loyihaga ko‘ra, favqulodda vaziyatlarda aholi va qutqaruvchilarga sifatli tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish tizimini shakllantirish, aholini ruhiy tayyorlash, qutqaruvchilarning stressga bardoshliligini oshirish hamda ularning psixologik holatini muntazam monitoring qilish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Hujjatda 2026 yil 1 dekabrga qadar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tibbiyot xizmati negizida Tibbiy va ijtimoiy-psixologik ta’minot xizmati tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. Mazkur xizmat favqulodda vaziyatlarda tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatuvchi tuzilmalar faoliyatini respublika miqyosida muvofiqlashtirish va ularga uslubiy-amaliy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, keng ko‘lamli favqulodda vaziyatlarda tibbiy psixologlar, qutqaruvchi-paramediklar, tibbiyot xodimlari va ko‘ngillilardan iborat mobil tibbiy-psixologik yordam brigadalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Qaror loyihasi doirasida tibbiy-psixologik yordam sohasida mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, qutqaruvchilarni birinchi va shoshilinch psixologik yordam ko‘rsatishga o‘qitish tizimini joriy etish ham ko‘zda tutilgan. 2027 yil 1 yanvardan qutqaruv xizmatiga birinchi va shoshilinch psixologik yordam kursini tugatgan fuqarolarni qabul qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Loyihada qutqaruvchilarning tibbiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish ham nazarda tutilgan. Jumladan, mehnat shartnomasi asosida ishlovchi qutqaruvchilarga bepul tibbiy yordam ko‘rsatish, sanatoriy-kurort ta’minotidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, xizmat vaqtida jarohat olgan yoki halok bo‘lgan qutqaruvchilar hamda ularning oilalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid