Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Human Righs Watch O‘zbekiston hukumatini fermerlarga erkinlik berishga chaqirdi
Human Righs Watch xalqaro nodavlat tashkiloti va Inson huquqlari o‘zbek forumi “Fermerlarda erkinlik yo‘q” nomli hisobot e’lon qildi. 2026 yil 17 fevral kuni taqdim etilgan doklad qariyb 120 sahifadan iborat bo‘lib, unda O‘zbekistonda paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlarga nisbatan kuzatilayotgan tazyiq va ekspluatatsiya holatlari yoritilgan.
Foto: Kun.uz
Huquq faollari hisobotni tayyorlashda 2023 yil oktyabr oyidan 2025 yil dekabrigacha bo‘lgan davrda fermerlar va ekspertlar bilan o‘tkazilgan o‘nlab intervyular, sud materiallari, qonunchilik hujjatlari, OAVdagi maqolalar, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar va rasmiylarning bayonotlariga tayanganini ma’lum qilgan.
“So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati paxta terimida davlat tomonidan joriy etilgan majburiy mehnatga barham berdi va qishloq xo‘jaligini keng isloh qilishga kirishdi. Hukumat sohadagi bir qator muammolarga yechim topish maqsadida joriy islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan, 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini, shuningdek, yangi qonunlar va qarorlarni qabul qildi.
Salmoqli yutuqlarga erishilgan bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston hukumati paxta va g‘alla yetishtirishda jiddiy va majburlovchi davlat nazoratini amalga oshirishda davom etmoqda, qolaversa, paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlarning mehnat va inson huquqlari hurmat qilinishini ta’minlay olmayapti”, – deyiladi hisobotda.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda strategik ekinlarni yetishtirishning hozirgi tizimida fermerlar davlatdan ijaraga olingan yerda davlat bilan kelishilgan turdagi ekinni belgilab qo‘yilgan miqdorlarda yetishtirishi va belgilab qo‘yilgan narxlarda sotishi kerak, bunda ular rejani bajara olish yoki bajarolmasligidan qat’i nazar, shuningdek, rejani bajarish ularga bog‘liq bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, katta moliyaviy xatar ostida qolishadi.
“Fermerlarning mavqeyi juda zaif, ular tahdidga uchrashi, haqoratlanishi va boshqa noqonuniy majburlov choralariga duch kelishi mumkin. Qolaversa, tizim ularning mustaqil faoliyat yuritishiga yoki o‘z ishlash shart-sharoitlarini o‘zlari nazorat qilishiga yo‘l qo‘ymasdan, amalda davlatga bo‘ysunib, xuddi davlatning xodimidek ishlashga majbur qiladi”, – deya qayd etgan huquq himoyachilari.
Dokladda keltirilishicha, xorazmlik fermerlardan biri 2025 yil noyabr oyidagi vaziyatini quyidagicha tasvirlagan: “Biz yer egalari emas, xuddi birovning yollanma ishchilaridekmiz”.
Farg‘ona viloyatidan boshqa bir fermer esa holatni “boshliqlar ko‘p” deya tasvirlagan. “Fermerning ishiga hamma aralashadi. Ichki ishlar ham, prokuratura ham”, degan u.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, hokimiyat organlari rejani bajarmagan fermerlarga tahdid va zo‘ravonlik qo‘llab, yerlarni tortib olishi mumkin. Fermerlar paxta-to‘qimachilik va bug‘doy korxonalari tomonidan to‘lovlarning kechiktirilishi yoki umuman to‘lanmasligiga duch kelmoqda, hokimiyat organlari esa fermerning manfaatida chiqarilgan sud qarorlarining ijrosini ta’minlamayapti. Bu esa fermerlarni og‘ir moliyaviy ahvolga solib qo‘yadi.
“Hukumat tomonidan yerni tortib olishga qarshi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan fermerlar O‘zbekiston sudlarida kamdan kam hollarda adolat topa oladi. Topgan taqdirda ham, mahalliy amaldorlar yerni fermerga qaytarish to‘g‘risidagi qarorlarni deyarli ijro etmaydi”, – deyiladi xalqaro tashkilot dokladida.
“Sudya hokimning aytganini qiladi. Yer masalasida sud yordam bera olmaydi”, degan yeri tortib olingan dehqonlardan biri.
“Fermerlar mahalliy amaldorlar bilan uchrashuvlarda kaltak yegani yoki ularga narsalar uloqtirilganini aytishdi. Amaldorlar fermerlarni paxta yoki bug‘doy rejasini bajarmagan uchun “eshak”, “isqirt” yoki “cho‘chqa” deb haqoratlagan. Ayrim og‘irroq holatlarda ichki ishlar xodimlari rejani bajarmagani uchun fermerlarni hech qanday ayblovsiz, o‘zboshimchalik bilan bir necha kungacha hibsga olgan”, – deyiladi hisobotda.
Human Righs Watch va Inson huquqlari o‘zbek forumi fermerlarning huquqlari poymol bo‘layotganini yoritgan mahalliy blogerlarga ichki ishlar xodimlari tahdid qilgani yoki ularni hibsga olgani, keyin esa sudlar ularga qisqa muddatli qamoq jazosi berganini bir necha marta qayd etgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hisobot mualliflari yo‘llagan savollarga javob berib, fermerlar huquqlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlaydigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar va yangi farmonlarni ko‘rsatib o‘tgan.
Inson huquqlari guruhlari qonunchilikdagi ana shu yangi o‘zgarishlarni amalda ham ta’minlashga chaqirmoqda.
“Hukumat paxta va bug‘doy fermerlarining o‘ta adolatsiz va ekspluatatsion mehnat sharoitlarini amalda bartaraf etishni kafolatlashi lozim, jumladan reja tizimini bekor qilish orqali. Hukumat, shuningdek, fermerlarni qishloq xo‘jaligidagi islohotlar bo‘yicha siyosiy muhokamalarga jalb qilishi va ularning fikr-mulohazalari hamda tavsiyalarini jiddiy ko‘rib chiqishi lozim”, deydi Human Righs Watch va O‘zbek forumi.
Hisobotdan Yevropa Ittifoqi, xalqaro moliya institutlari va O‘zbekiston bilan manfaatdor investorlarga qaratilgan chaqiriqlar ham joy olgan. Xususan, Human Righs Watch'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha maslahatchisi Mira Rittmann O‘zbekistonning tashqi hamkorlariga yuzlanarkan, “O‘zbekiston paxta va bug‘doy fermerlarining bunday ekspluatatsion va majburlovchi sharoitlarda ishlashi dahshatli”, deya ta’kidlagan.
“O‘zbekistonning hamkorlari, xalqaro moliya institutlari va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi potensial investorlar O‘zbekiston hukumati fermerlar va ularning huquqlarini haqiqatan ham himoya qiladigan islohotlarni amalga oshirishi uchun o‘z ta’sir kuchidan foydalanishlari kerak”, degan Mira Rittmann.
Mavzuga oid
16:40 / 21.02.2026
“Hokimiyat suv bermasdan, endi yerimni olib qo‘ymoqchi” - karmanalik fermer
10:35 / 20.02.2026
BMT G‘azo sektorida etnik tozalash alomatlari borligini bildirdi
13:42 / 10.02.2026
Yangi yerlarni o‘zlashtirishda “investor + loyiha” tamoyili joriy etiladi
20:07 / 09.02.2026