Jahon | 15:16 / 21.02.2026
3200
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Moldovada qator qotilliklarni tayyorlagan guruh fosh etildi

Ukraina va Moldova huquqni muhofaza qiluvchi organlari qo‘shma operatsiya davomida jurnalistlar, harbiylar va jamoat arboblarini o‘ldirishni rejalashtirganlikda gumon qilingan 10 nafar shaxsni qo‘lga oldi. Aytilishicha, jinoyatlar Rossiya topshirig‘i bilan tayyorlangan.

Foto: picture-alliance/dpa/Sputnik/Stringer

Ukraina va Moldova huquqni muhofaza qiluvchi idoralari Rossiya tomonidan berilgan topshiriq asosida taniqli jurnalistlar, jamoat arboblari va harbiylarni o‘ldirishni rejalashtirgan jinoiy guruhni fosh etdi. Bu haqda Ukraina bosh prokurori Ruslan Kravchenko 20 fevral kuni Telegram’da ma’lum qildi. Uning aytishicha, har bir qotillik uchun ijrochilarga 100 ming dollargacha va’da qilingan.

Ukrainada 7 nafar, Moldovada yana 3 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Ular orasida tarmoq tashkilotchisi — 34 yoshli Moldova fuqarosi (avval Rossiyada jazo o‘tagan) va uning ikki hamkori bor. Ukrainada bir vaqtning o‘zida bir nechta hududlarda 20 dan ortiq tintuv o‘tkazilib, qurol-yarog‘, o‘q-dori, portlovchi moddalar, shuningdek mobil telefonlar va kompyuterlar musodara qilingan. Kravchenkoning aytishicha, «jinoiy faoliyat Rossiya kuratorlari bilan muvofiqlashtirilganini tasdiqlovchi yozishmalar aniqlangan».

Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) ma’lumotiga ko‘ra, guruh tashkilotchilari Moldova fuqarolarini yollab, ularni turist sifatida Ukrainaga yuborgan. Qo‘lga olinganlar ma’lum shaxslarning harakatlanishi, turmush tarzi, dam olish joylari va yashash manzillari haqida ma’lumot to‘plagan. Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko ta’kidlashicha, «faqat yo‘q qilish buyrug‘ini kutish qolgan».

SBU ma’lum qilishicha, agentlar “nishon”larni kuzatish uchun o‘zlarini yetkazib berish xizmatlari kurerlari sifatida ko‘rsatgan, hujum rejalashtirilgan obektlarni foto va video tasvirga olgan, ularning geolokatsiyasini Google Maps’da belgilab, rezidentga hisobot bergan.

Qotillik rejalaridagi ehtimoliy nishonlardan biri Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) matbuot kotibi Andrey Yusov bo‘lgani aytilmoqda. Shuningdek, politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada “ekstremistlar” ro‘yxatiga kiritilgan va qidiruvga berilgan mashhur jurnalist, davlat strategik korxonasi rahbarlaridan biri va GUR harbiylari ham nishon bo‘lgan.

SBU esa suiqasdlar Ukraina jurnalistlari va jamoat arboblari, strategik korxona rahbari, Bosh razvedka boshqarmasi harbiylari, jumladan uning Xorijiy legioni jangchilariga qarshi rejalashtirilganini bildirdi.

BBC ma’lumotiga ko‘ra, guruh taniqli ukrain jurnalisti Dmitriy Gordonni ham o‘ldirishni rejalashtirgan. Ukraina huquqni muhofaza qiluvchi organlari avval ham ikki marta — 2024 yil sentabr va 2025 yil iyunda unga qarshi suiqasdning oldi olinganini bildirgan edi.

Ukraina bosh prokuraturasiga ko‘ra, aynan shu shaxslarni o‘ldirish rejasi jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otish, xavfsizlik holati haqida salbiy axborot fonida muhit yaratish va Ukrainaga qarshi buzg‘unchi faoliyat uchun foydalanish maqsadida tuzilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid