Jahon | 22:11 / 22.02.2026
1960
2 daqiqa o‘qiladi

Eron AQShning ehtimoliy hujumiga qarshi reja tayyorlamoqda

Xabar qilinishicha, mamlakatdagi barcha harbiy kuchlar yuqori darajadagi shaylik holatiga keltirilgan. Iroq bilan chegara va Fors ko‘rfazi sohillari bo‘ylab ballistik raketa uchirish moslamalari joylashtirilgan.  

Foto: AP

Eron hukumati AQShning ehtimoliy zarbalariga qarshi reja tayyorlamoqda, deb xabar berdi New York Times gazetasi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yuqori lavozimdagi mansabdorlariga tayanib. 

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Eron oliy rahnamosi oyatulloh Xominaiy har bir harbiy qo‘mondon va siyosatchiga to‘rt nafardan ehtimoliy o‘rinbosar tanlash topshirig‘ini bergan. U shuningdek, kommunikatsiyada muammolar yuzaga kelganida yoki oyatulloh halok bo‘lganida qaror qabul qilishi mumkin bo‘lgan "tor doiradagi ishonchli shaxslarga" vazifalarni taqsimlagan. 

"Hominaiy mamlakat milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijani va bir necha nafar yaqin maslahatchilariga nafaqat Amerika va Isroil bombardimonlaridan so‘ng, balki oliy rahbariyat, jumladan, Xominaiyning o‘ziga suiqasd qilinganidan keyin ham islom respublikasining omon qolishini ta’minlashlari kerakligini aytdi", - degan New York Times manbalari. 

Ta’kidlanishicha, Eron AQShning hujumi muqarrarligidan kelib chiqib harakat qilmoqda. Mamlakatdagi barcha harbiy kuchlar yuqori darajadagi shaylik holatiga keltirilgan. Iroq bilan chegara va Fors ko‘rfazi sohillari bo‘ylab ballistik raketa uchirish moslamalari joylashtirilgan.  

"Urush boshlangan taqdirda politsiya, razvedka maxsus korpuslari va "Basij" xalq ko‘ngilli bo‘linmalari yirik shaharlar ko‘chalarini qo‘riqlaydi", - degan uch nafar harbiy va ikki nafar mansabdor. 

Juma kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga hujum qilish ehtimoli ko‘rib chiqilayotganini aytgandi. 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров

Mavzuga oid