O‘zbekiston | 12:37 / 23.02.2026
2077
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda davlat o‘rmon xo‘jaligi tashkil etiladi

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘rmonlarni boshqarish tizimidagi islohotlarni davom ettirish hamda o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni kengaytirish maqsadida Payariq tumanida Payariq davlat o‘rmon xo‘jaligini tashkil etish va bir qator viloyatlarda davlat zaxira yerlaridan o‘rmon xo‘jaliklariga yer ajratish nazarda tutilmoqda.

Foto: Blessed Travel

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga muvofiq, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyati hokimliklarining Payariq tumanida yangi davlat o‘rmon xo‘jaligini tashkil etish, shuningdek, o‘rmon hududlari va o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni kengaytirish uchun davlat zaxira yerlaridan tegishli o‘rmon xo‘jaliklari balansiga yer maydonlarini ajratish bo‘yicha takliflari ma’qullanishi belgilangan.

Loyihada Payariq davlat o‘rmon xo‘jaligini tashkil etish uchun, shuningdek, Saroyqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladigan yer uchastkalari ro‘yxati, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani va Toshkent viloyati Ohangaron tumani zaxira yerlaridan doimiy foydalanish huquqi asosida o‘rmon xo‘jaliklariga ajratiladigan yer uchastkalari ro‘yxati tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyati hokimliklari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda qator idoralar hamkorligida:

Samarqand viloyatida Payariq davlat o‘rmon xo‘jaligini tashkil etish uchun ajratiladigan 31 521 gektar, Saroyqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligiga ajratiladigan 50 000 gektar, Urgut davlat o‘rmon xo‘jaligiga ajratiladigan 5 000 gektar, shuningdek Qashqadaryo viloyatida Qashqadaryo, Sho‘rtan va Muborak davlat o‘rmon xo‘jaliklari uchun belgilangan yer maydonlari yer toifasini o‘rmon fondi toifasiga belgilangan tartibda o‘tkazish;
davlat zaxira yerlaridan tegishli o‘rmon xo‘jaliklari balansiga yer maydonlarini doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish ta’minlanishi belgilanmoqda.

Loyihaga ko‘ra, Payariq davlat o‘rmon xo‘jaligi faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar Samarqand viloyati mahalliy budjeti, budjetdan tashqari mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligiga Payariq davlat o‘rmon xo‘jaligining tuzilmalari va shtatlar jadvallarini tasdiqlash, shuningdek, ularni yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish vazifasi yuklatilmoqda.

Kadastr agentligi Yer resurslarining holati to‘g‘risidagi milliy hisobotga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda esa ikki oy muddatda mazkur qarordan kelib chiqadigan qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid