O‘zbekiston | 12:53 / 24.02.2026
1876
1 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida infratuzilma loyihalari moliyalashtirilishi kuchaytiriladi

“Andijon viloyatida tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq, viloyat infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi.

Qarorga ko‘ra, Andijon viloyatida tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish va to‘liq modernizatsiya qilish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shuningdek, shahar va tumanlarni, jumladan, Andijon tumanidagi Yangi Andijon (Bobur) shaharchasini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash ishlari jadallashtiriladi.

Infratuzilmaviy loyihalarni samarali moliyalashtirish maqsadida Andijon viloyati hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi qayta nomlanib, Andijon viloyatini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armasi deb ataladi. Mazkur jamg‘arma viloyatdagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, investorlar uchun zarur infratuzilmani yaratish va yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, davlat va tadbirkorlar o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash maqsadida “Andijon Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilishi belgilangan.

Qaror Andijon viloyatida investitsiya muhitini yaxshilash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish va hududni kompleks rivojlantirishga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid