Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda 5 ta nimstansiya quriladi va tarmoqlar modernizatsiya qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika tizimi barqarorligini ta’minlash va elektr energiyasini iste’molchilarga o‘z vaqtida yetkazib berishni kuchaytirish maqsadida Toshkent shahrida yangi nimstansiyalar qurish va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yirik energetika loyihalarini amalga oshirish, energiya tizimi barqarorligini ta’minlash va energiya samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda mamlakatda elektr energiyasi bo‘yicha jami generatsiya quvvatlari 25,8 ming megavattga yetgani, shuning 8 ming megavatti quyosh, shamol va gidroenergetika hissasi ekani ta’kidlandi. 2026 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 90 milliard kilovatt-soatga yetkazish rejalashtirilgan.
Joriy yilda iqtisodiy o‘sish va tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmlarining oshishi hisobiga elektr iste’moli yana 1 milliard kilovatt-soatga ortishi kutilmoqda. Shu sabab aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos ravishda energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish, tarmoqlarni yangilash, investitsiyalarni ko‘paytirish va yirik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Yig‘ilishda elektr energiyasini iste’molchilarga o‘z vaqtida yetkazib berish masalasi dolzarb ekani, qo‘shimcha yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlar qurilmasa, generatsiya quvvatlari iste’mol hajmidan oshib ketishi xavfi mavjudligi qayd etildi. Shu bilan birga, o‘tgan yili elektr tarmoqlarini rivojlantirishga ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish sur’ati yetarli emasligi tanqid qilindi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahrida 75 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar va 5 ta nimstansiya qurish, 69 kilometr tarmoq hamda 18 ta nimstansiyani modernizatsiya qilish topshirildi. Shuningdek, 638 kilometr past kuchlanishli tarmoqlar va 161 ta transformator shoxobchalarini modernizatsiya qilish vazifasi belgilandi.

Yig‘ilishda yaqin yillarda jami 602 kilometr uzunlikdagi “Tolimarjon – So‘g‘diyona”, “Sirdaryo – Halqa” va “Qorako‘l – Nurobod” liniyalarini qurish, 2030 yilga qadar “Yangi Angren – Namangan” tarmog‘i hamda “Namangan” nimstansiyasini barpo etish rejalari haqida ham axborot berildi. Qo‘shni davlatlar bilan energetika tizimlarini integratsiya qilish hisobiga vodiy viloyatlarida elektr ta’minotini yaxshilash masalalari muhokama qilinib, “Surxon – Puli-Xumri” yuqori kuchlanishli tarmog‘i va uning nimstansiyalari qurilishini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish yakunida prezident strategik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, magistral va taqsimlovchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish yuzasidan mutasaddilarga qo‘shimcha topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
10:50 / 18.03.2026
Xitoy Buxoroda 75 mln dollarlik “yashil” energiya loyihasini amalga oshiradi
09:05 / 15.03.2026
Prezidentning IIVga e’tirozi, energetik mustaqillik va o‘pirilgan yo‘l - hafta dayjesti
11:23 / 14.03.2026
Metan-shoxobchalar bugun soat 12:00 dan 16:00 gacha ochiq bo‘ladi
07:23 / 13.03.2026