Jahon | 17:24
965
5 daqiqa o‘qiladi

Trampning tinchlik dasturi qanday va qancha muddat ishlaydi?

O‘tgan hafta Vashingtonda Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilarkan, Kun.uz ushbu xalqaro tuzilmadan dunyo nima kutayotgani xususida bilish uchun siyosatshunoslarga quloq tutdi. Tahlilchi Aziz Karimov fikricha, a’zolik O‘zbekistonni global siyosatning old qatoriga olib chiqadi. Siyosatshunos Muxtor Nazirovning aytishicha esa, bu ko‘proq klubga o‘xshaydi va Tramp prezidentlikdan ketgach, uning tinchlik dasturi qancha ishlashi noma’lum.

19 fevral kungi Tinchlik kengashi yig‘ilishida 40 ga yaqin davlatlardan prezident, bosh vazir hamda tashqi ishlar vazirlari qatnashgan. Markaziy Osiyoda O‘zbekiston va Qozog‘iston kengashning to‘laqonli a’zolari hamda ikkala davlatdan ham prezidentlarning o‘zi Vashingtonga bordi. Ba’zi mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarini jo‘natish bilan kifoyalandi. Kengash birinchi yig‘ilishining asosiy xulosalaridan biri – 9 davlatning G‘azoga 7 mlrd dollar ajratish va’dasi. Tramp o‘z chiqishida bu va’dalashuvni e’lon qildi.  

Biroq xalqaro hamjamiyat, xususan, ushbu kengashga a’zolikni rad etgan yetakchi Yevropa davlatlari va shu o‘rinda AQShning uzoq yillik geosiyosiy ittifoqchilari tuzilmaning BMTga muqobil bo‘lishidan xavotirda. Masalan, Norvegiya tashqi ishlar vaziri ayni sabab bilan davlati a’zolikka shoshilmaganini ochiqcha aytdi. Bundan tashqari, Trampning Grenlandiyaga da’vosi va bojlar siyosati, bundan tashqari Yevropadagi so‘l kuchlar bilan g‘oyaviy qarama-qarshiligi sabab ittifoqdagilar kengashni e’tiborga olmayapti.  

Xo‘sh, O‘zbekiston-chi? Ushbu kengashga a’zolik AQShning asosiy siyosiy ittifoqchilari ro‘yxatida bo‘lmagan O‘zbekiston uchun nimani anglatadi? Kun.uz bilan suhbatlashgan Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti xodimi, siyosatshunos Aziz Karimov fikricha, bu O‘zbekistonni global siyosatning old qatoriga olib chiqadi.  

Falastinga tegishli bo‘lgan G‘azoda, umuman Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlikning bo‘lishi bevosita va bilvosita O‘zbekiston manfaatlariga mos keladi”, - deydi Aziz Karimov.  

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu kengashda AQSh yoki Isroil gegemonligi kuzatilmayapti, chunki aksariyat davlatlarning aholisi musulmon.  

Biroq siyosatshunos Muxtor Nazirov ushbu kengash taqdim qilayotgan tinchlik dasturining umri uzoq bo‘lmasligidan xavotirda. Chunki Donald Tramp 2028 yilda prezidentlikni tark etadi va shu yilning o‘zidayoq kongressga saylovda uning partiyasi yutqazsa, jiddiy ichki qarshilikka ham duch kelishi tayin.

Ha, ushbu kengashda Donald Trampning gapi gap ekan, lekin u 2028 yilda hokimiyatdan ketsa, u taklif qilayotgan tinchlikning umri qancha bo‘ladi? Nizomda Trampdan keyin kim rais bo‘ladi? Bu savollarning hammasi ochiq qolmoqda”, - deydi Muxtor Nazirov.  

Bundan tashqari, Nazirovning qo‘shimcha qilishicha G‘azo bo‘yicha ham tushunmovchilik mavjud. Vashingtondagi yig‘ilishda hududga investitsiya kiritilishi, tiklash dasturi haqida ko‘p gapirildi. Biroq o‘sha tiklangan G‘azo kimga beriladi, Isroil ikki davlatchilikni tan oladimi? Bular ham hali oxiriga yetmagan masalalar.  

Shuningdek, suhbatda kengashning a’zolik badallariga ham to‘xtalib o‘tildi. Doimiy a’zolik uchun 1 mlrd dollar talab qilinadi, bundan tashqari G‘azo uchun jami 7 mlrd hadya qiluvchilar ichida O‘zbekiston ham bor. Aziz Karimov fikricha, rasmiy Toshkentdan hali biror kim bu to‘lovlar yuzasidan fikr bayon etmagan.  

Hali biror rasmiydan bular haqida eshitmadik. Tashkilotning ishlab turishi uchun badal ajratilishi aniq, lekin 3 yildan keyingi a’zolik uchun 1 mlrd berishga davlat shoshmaydi”, deydi u.

Tahlilchining qo‘shimcha qilishicha, katta investitsion paketlar kelishiga sabab bo‘luvchi 1 mlrd dollar davlatga zarar emas, foyda bo‘lishi ham mumkin.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов

Mavzuga oid