Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G7 yetakchilari Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi
Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganiga to‘rt yil to‘lishi munosabati bilan “Katta yettilik” (G7) yetakchilari Tramp qaytganidan keyingi ilk qo‘shma bayonot bilan chiqish qildi. Unda Ukraina qo‘llab-quvvatlanishi va Trampning tinchlik o‘rnatish harakatlari haqida so‘z boradi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqini boshlanganining to‘rtinchi yilligi kunida AQShni ham o‘z ichiga olgan yetti yetakchi sanoatlashgan mamlakat Kiyevga bo‘lgan qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Seshanba kuni, 24 fevralda e’lon qilingan qo‘shma bayonotda G7 yetakchilari Ukrainaga “uning hududiy yaxlitligi va mavjud bo‘lish huquqini, shuningdek erkinligi, suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish” yo‘lida keyingi yordamni va’da qildi.
“Katta yettilik” bayonotida, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp boshlagan tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash davom etishi, shuningdek Ukraina va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga qaratilgan sa’y-harakatlar haqida aytilgan. “Yevropa bu jarayonda yetakchi rol o‘ynaydi, unga boshqa hamkorlar ham qo‘shilmoqda”, — deyiladi hujjatda.
Bayonot mualliflari ta’kidlashicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralardan keyin urushni tugatish bo‘yicha kelishuvni “faqat Ukraina va Rossiya” tuzishi mumkin. Ular, shuningdek, “ko‘ngillilar koalitsiyasi” doirasida o‘z zimmasiga olgan “Ukrainaga ishonchli va asosli xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish” majburiyatlarini ham tasdiqladi. G7 yetakchilari qish mavsumida Ukraina energetika infratuzilmasiga o‘q uzishlar kuchaygan bir paytda Ukrainaga ko‘mak berish bo‘yicha sa’y-harakatlarni olqishladi.
G7 yetakchilari shunday dedi: “Biz yadroviy xavfsizlikni ta’minlashda, jumladan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Ukraina bilan birga, Chernobil AESdagi himoya qoplamasi (sarkofag)ni imkon qadar tezroq tiklash uchun mablag‘ yig‘ilishini qo‘llab-quvvatlash va butun qit’a uchun og‘ir humanitar hamda ekologik oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday radiologik hodisalarning oldini olish maqsadida yaqindan hamkorlik qilish majburiyatini olamiz.”
Hujjatda, shuningdek, ukrain bolalarining “darhol, xavfsiz va sharsiz qaytarilishi”ni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishi ham qayd etilgan.
G7'da raislik qilayotgan Fransiya eslatishicha, bu — Tramp bir yildan ortiq vaqt oldin Oq uyga qaytganidan keyin “Katta yettilik” davlatlarining birinchi qo‘shma bayonotidir. G7 tarkibiga AQSh, Kanada, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya kiradi. Oxirgi uch davlat alohida bayonot bilan ham chiqib, Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka bo‘lgan qat’iy sodiqligini alohida ta’kidladi.
Mavzuga oid
16:23 / 11.06.2026
Armaniston hukumati geosiyosiy kursini o‘zgartirish uchun xalqdan mandat oldi - siyosatshunoslar
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
18:53 / 10.06.2026
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi
16:47 / 10.06.2026