Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina: Rossiya 20 ming bolani majburan ko‘chirgan yoki deportatsiya qilgan
RF urush boshlanganidan beri Ukraina hududidan 20 mingga yaqin ukrain bolasini majburan ko‘chirgan yoki deportatsiya qilgan, dedi Ukraina Oliy radasining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Dmitriy Lubinets. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning asl maqsadi - ukrain xalqining genotsidi.
Foto: UNICEF
Rossiya o‘zining to‘laqonli bosqini boshlanganidan beri Ukraina hududidan taxminan 20 ming ukrain bolasini majburan ko‘chirgan yoki deportatsiya qilgan. Bu haqda Ukraina Oliy radasining inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets Kiyevda dushanba kuni, 23 fevralda bo‘lib o‘tgan Justice Conference xalqaro konferensiyasida ma’lum qildi.
“Xalqaro humanitar huquq nuqtai nazaridan, hozir jismonan RF hududida bo‘lgan ukrain bolalarining barchasi — deportatsiya yoki majburiy ko‘chirishdan jabr ko‘rganlardir. Bu Ukraina ma’lumot topgan atigi 20 ming ukrain bolasidir”, — dedi Lubinets.
Ukrain ombudsmani aytishicha, Rossiya ukrain bolalariga “safarbarlik uchun harbiy resurs” sifatida qaraydi. Lubinets “Rossiyaning haqiqiy niyati — ukrain xalqining genotsidi”, deb ta’kidladi.
Ukraina birinchi xonimi Yelena Zelenskaya o‘sha konferensiyada so‘zga chiqib, ukrain o‘smirlarini “qayta tarbiyalash” deb ataladigan militarizatsiya qilingan lagerlarga yuborishlarini, voyaga yetganlarni esa RF Qurolli kuchlariga safarbar qilishlarini aytdi. Zelenskayaning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada allaqachon mazkur yigitlarning o‘z mamlakatiga qarshi urushda qatnashgani bo‘yicha tasdiqlangan holatlar bor va ularning ko‘pchiligi halok bo‘lgan.
“Rossiyaliklar bosib olingan hududlardan bolalarimizni butun boshli bolalar uylari bilan olib ketgan. Mariupol va boshqa ukrain shaharlarida (rossiyaliklar o‘zlari vayron qilgan shaharlarda — tahr.) oldinroq o‘ldirilgan ota-onalarning bolalarini ham olib ketgan”, — dedi Zelenskaya.
Ukrain ombudsmani Ukraina prezidentining Bring Kids Back UA tashabbusi doirasida RFga deportatsiya qilingan yoki Rossiya bosib olgan hududlarda bo‘lgan 2003 nafar bola uyiga qaytarilganini aytdi. “Shunday vaziyatlar bo‘lganki, bolalarga Rossiya armiyasiga qarshi go‘yo ‘terroristik faoliyat’ bo‘yicha ayblov qo‘yishgan, shunday bolalarni ham qaytarishga muvaffaq bo‘lindi”, — dedi Lubinets.
U Qatarning “murakkab holatlar” ustida ishlashdagi rolini qayd etib, uning ko‘magi bilan 83 nafar bola qaytarilganini aytdi. Shuningdek, Lubinets AQShga minnatdorlik bildirdi, xususan birinchi xonim Melaniya Tramp o‘g‘irlangan ukrain bolalari haqida RF prezidenti Vladimir Putinga xat yozganini tilga oldi. Inson huquqlari bo‘yicha vakilning aytishicha, ukrain bolalarining so‘nggi guruhi 2026 yil 13 fevral kuni qaytarilgan.
Mavzuga oid
17:25
Befarqlik ortidan fojia: Farg‘onadagi bog‘chada bolani yuqori kuchlanishli tok urdi
15:56
2025 - urushdagi eng qonli yil: BBC va “Mediazona” hisoboti
14:43
“Ko‘ngillilar koalitsiyasi” urushning 4 yilligida Ukrainani qo‘llab-quvvatladi
14:23