Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron AQSh bilan ehtimoliy urush oqibatlariga tayyorlanmoqda
Mamlakatni amalda Xavfsizlik kengashi kotibi Ali Larijoniy boshqarmoqda. Eron rahbarlari harbiy zarbalar nishoniga aylanishi ehtimoli hisobga olinib, ularning har biriga to‘rt nafardan voris tanlangan.
Iranian Security Council Press / Anadolu / Getty Images
The New York Times gazetasi Eron rahbariyatigi olti manba bilan o‘tkazilgan intervyular asosida islom respublikasi ehtimoliy urushga qanday tayyorlanayotgani haqida hikoya qildi. Barcha kuchishlatar tuzilmalar shay holatga keltirilgan. Rejimning asosiy xavotiri – siyosiy xaos kelib chiqishidan. Uning oldini olish uchun misli ko‘rilmagan choralar ko‘rilgan. Mamlakatga rahbarlik amalda Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi – konservator, xavfsizlik kuchlari xodimi va Eron siyosati faxriysi Ali Larijoniyga o‘tgan.
2026 yil yanvar oyidan boshlab Eronda oyatulloh rejimiga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari va Amerika havo hujumlarini kutish fonida Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy mamlakatning amaldagi rahbariga aylangan. Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy norozilik namoyishlarini bostirish va urushga tayyorgarlik ko‘rish vazifasini aynan unga topshirgan. Shuningdek, u rejimning asosiy hamkorlari – Rossiya, Qatar va O‘mon bilan aloqalarni davom ettirmoqda. AQSh bilan muzokaralarni rasman tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi olib borayotgan bo‘lsa-da, u sahna ortida turib jarayonni nazorat qilmoqda.
67 yoshli Larijoniy nufuzli klanga mansub: uning otasi taniqli shia voizi, akalaridan biri – Xominaiyning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi, boshqasi Eron sud tizimi rahbari bo‘lgan, hozirda esa mamlakat oliy rahnamosi huzuridagi maslahat organi hisoblangan Shariat kengashini boshqaradi. Uning boshqa qarindoshlari ham islom respublikasi diniy va siyosiy tuzilmalarida muhim lavozimlarni egallagan.
Ali Larijoniyning o‘zi Islom inqilobi muhofizlari korpusida brigada generali darajasigacha ko‘tarilgan, o‘n yil mobaynida davlat teleradiokompaniyasini boshqargan. 2005 yilda prezidentlik saylovlarida nomzodini qo‘ygan, ammo atigi oltinchi o‘rin bilan cheklangan. O‘sha yilgi saylovlarda g‘olib chiqqan Mahmud Ahmadinajot uni Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi etib tayinlaydi. Larijoniy 2008 yilda bu lavozimdan bo‘shaydi va Eron parlamenti spikeriga aylanib, bu lavozimda 2020 yilga qadar ishlaydi.
Larijoniy Xominaiyning ishonchiga kirgan yaqin kishisiga aylangan. U o‘taketgan konservator (islom inqilobi prinsiplariga qattiq amal qiladi), islom respublikasining boshqaruv tuzilmalarida katta va xilma-xil ish tajribasiga ega. 2000-yillarda u Eron yadroviy dasturi bo‘yicha AQSh bilan o‘tkazilgan muzokaralarni nazorat qilgan, 2020-yillarda esa Eronning Xitoy bilan yaqinlashuv siyosatining bosh me’mori bo‘lgan.
2025 yil boshida Larijoniyning mamlakat siyosiy hayotidagi faolligi ortadi, Eron prezidenti Mahmud Pizishkiyonning ta’siri esa zaiflashadi. Moskvada Vladimir Putin va Yaqin Sharq yetakchilari bilan uchrashuvda aynan u qatnashgandi. OAVda va ijtimoiy tarmoqlarda ham aynan u islom respublikasi pozitsiyasini ifoda eta boshladi.
Joriy yil yanvar oyidagi namoyishlarni bostirish uchun internet faoliyati cheklanganida bu mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazgach, Pizishkiyon Larijoniydan cheklovlarni yumshatish uchun ruxsat so‘rashiga to‘g‘ri kelgandi. AQSh prezidenti Stiv Uitkoff qo‘lga olingan namoyishchilar taqdiri bo‘yicha aniqlik kiritish uchun Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan bog‘langanida, vazir qanday javob qaytarishni so‘rash uchun o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri rahbari bo‘lgan prezidentga yuzlangan, ammo u amerikaliklar bilan barcha aloqalarni Larijoniy bilan kelishish kerakligini bildirgandi.
O‘shanda Uitkoff qo‘lga olingan namoyishchilar qatl etilmasligiga ishontiriladi. Lekin buning ortidan namoyishchilar bemisl darajada yoppasiga sudsiz qatl qilingani ma’lum bo‘ladi – eronlik huquq himoyachilariga ko‘ra, qurbonlar soni 30 ming atrofida bo‘lgan.
Xominaiy suiqasdlardan qo‘rqib, deyarli doim bunkerda yashirinmoqda. 2025 yil iyunida, 12 kunlik urushning ilk kunlarida Isroil nuqtali zarbalar bilan Eron qurolli kuchlarining muhim qo‘mondonlarini o‘ldirib yuborgandi, natijada xaos yuzaga kelib, bu esa samarali qarshilik ko‘rsatishga imkon bermagandi. Shunday ssenariy takrorlanmasligi uchun, Xominaiy o‘zi tomonidan tayinlanadigan harbiy va davlat mulozimlarining har biriga to‘rt nafardan ehimoliy vorisni belgilab qo‘ygan. Qolgan kichik amaldorlar ham o‘ziga to‘rt nafardan o‘rinbosar tayinlashi kerak bo‘ladi. Xominaiy o‘zi vafot etgan taqdirda o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan uch kishini aniqlab olgan – ularning nomlari ochiqlanmayapti.
Bundan tashqari, Xominaiy oliy rahbar vafot etgan yoki u bilan aloqa uzilgan taqdirda qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladigan tor guruhni belgilab olgan. Bular Larijoniy, Xominaiyning bosh harbiy maslahatchisi Yahyo Rahim Safaviy, parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof va Xominaiy idorasi rahbari Ali Asqar Hijoziy. Shuningdek, yangi muvofiqlashtiruvchi harbiy organ – admiral Ali Shamxoniy boshchiligidagi Milliy mudofaa kengashi tashkil etilgan.
Eron rahbarlari muhokama qilayotgan masalalardan biri – kim «Eron Delsisi» bo‘lishi masalasidir. Bunda AQSh Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan keyin Venesuela rahbarligini o‘z qo‘liga olgan, bir tomondan rejim va u bilan bog‘liq elitaning omon qolishini ta’minlagan, boshqa tomondan esa AQSh va xalqaro hamjamiyat bilan aloqalarni qayta yo‘lga qo‘ygan Delsi Rodriges nazarda tutilmoqda.
Islom respublikasida bu rol uchun birinchi nomzod – Larijoniy, keyingisi – parlament spikeri G‘olibofdir. Shuningdek, sobiq prezident Hasan Ruhoniyning ham nomzodi ko‘rib chiqilmoqda – u oyatulloh Xominaiyning yaqinlari dorirasiga kirmaydi, ammo islohotchi siyosatchi hisoblanadi va AQSh tomoni uning nomzodiga xayrixoh bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
15:24 / 26.02.2026
Bloomberg: RF va Eron Xitoyga neft sotish uchun narx urushi olib bormoqda
00:01 / 26.02.2026
Eron AQSh zarba bergan taqdirda to‘laqonli qarshi hujumga o‘tmoqchi – OAV
22:09 / 25.02.2026
Eron biqinidagi armada va ehtimoliy nishonlar. Xaritalar uzra sharh
17:39 / 25.02.2026